Qirg‘izistonlik fuqaroning murojaati ijobiy hal qilib berildi

Quvasoy shahri Qirg‘iziston Respublikasining Qadamjoy rayoni bilan chegaradosh hisoblanadi. Shu sababli shahar va ushbu rayon fuqarolari o‘rtasida eskitdan qo‘ni-qo‘shnichilik, qarindosh-urug‘chilik, bordi-keldi munosabatlari shakllangan. Hududlarning yaqindan o‘zaro hamkorligi ikki davlat fuqarolarining kundalik muammolar yuzasidan turli idoralarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlarida ham o‘z aksini topmoqda.

Men Farg‘ona viloyatida joylashgan «Qumtepa» buyum bozoridagi atlas savdo rastalaridan jami 3 000 000 so‘mga 10 kiyimlik atlas sotib oldim. Uyga olib kelgach ko‘rganimda matolarda nuqsonlar bor ekan. Qaytarib olib borganimda almashtirib berishmadi, – deydi Qirg‘iziston Respublikasi Qadamjoy rayoni Uch-Qo`rg`on qishlog‘ida yashovchi J.M. (ayol) Federatsiyaning Quvasoy shahar jamiyatiga bergan yozma murojaatida.

Shahar jamiyati mutasaddilari xorijlik fuqaro hamkorligida mazkur buyum bozoriga borib sotuvchi bilan uchrashdilar hamda unga nuqsonli tovar sotilganda iste’molchining huquqlari va sotuvchining majburiyatlari yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordilar. Tushuntirishlar kor qilib, fuqaroning qo‘lidagi nuqsonli matolar maqbul sifadagisiga almashtirib berildi.

Men matolarning nuqsoni yuzasidan sotuvchiga uchrashganimda hal bo‘lmagan masala unga Quvasoy shahar jamiyati mutaxassislari aralashuvi bilan ijobiy hal bo‘ldi. Buning uchun Federatsiya xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, – deydi qirg‘izistonlik fuqaro o‘z minnatdorchilik xatida.

Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.