Iste’molchini uch oy qiynab kelgan muammo uch kun ichida bartaraf qilindi

Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Marhamat ko‘chasida yashovchi M.A.ning xarid qilingan televizorda ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan yo‘l qo‘yilgan nuqson aniqlangan bo‘lsada, uni almashtirib berish ishlari paysalga solinayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.

Iste’molchi murojaatidan ma’lum bo‘lishicha, «Avalon» rusumli televizor va unga taglik (podstavka) bilan 2023 yilning 12 dekabrida shahardagi «Media park» do‘konidan 12 000 000 so‘mga xarid qilingan. Iste’molchi televizordan foydalanishining ikkinchi kunidayoq nuqsoni mavjudligini aniqlab, «Artel» servis markaziga murojaat qilgan. Servis markazidan tashrif buyurgan mutaxassis tomonidan nuqsonga haqiqatan ham ishlab chiqaruvchi korxona aybi bilan yo‘l qo‘yilgani e’tirof qilinib, uni almashtirib berilishi va’da qilingan bo‘lsada, bu ishlar iste’molchi shahar jamiyatiga murojaat yo‘llagan kunga qadar paysalga solib kelingan.

Murojaatni o‘rganish doirasida servis markazi mas’ullari bilan uchrashilib, yuzaga kelgan holatda amaldagi qonunchilik talablari, xususan iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda uning huquqlari, nuqsonli tovarni almashtirib berish tartiblari hamda ushbu talablarni bajarilmasligi natijasida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi. O‘rganish ishlari esa servis markazi mutaxassislari tomonidan iste’molchi xonadoniga tashrif buyurilib, nuqsonli televizorni xuddi shu markadagi maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishi bilan yakun topdi.

Uch oy avval sotib olgan televizorimda nuqson aniqlangandi. Uzoq paytlardan beri almashtirib ololmayotgan nuqsonli televizorni sizlarning aralashuvingiz bilan uch kun ichida almashtirib oldim. Sizlarga katta rahmat,- deydi iste’molchi shahar jamiyatiga bergan tashakkurnomasida.

Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati mutaxassisi.