Nuqsonli tovar almashtirib berildi
Yozyovon tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Toshhovuz» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi A.I.ning 185 000 so‘mga xarid qilingan oyoq kiyimi xonadonga keltirilib kiyib ko‘rilishi jarayonida nuqson aniqlangani sotuvchi uni almashtirib bermayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Avvalo shuni ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra oyoq kiyimlari almashtiriladigan tovarlar turkumiga kirib, ular nafaqat nuqsoni aniqlangan holatlarda, balki nuqsoni bo‘lmasa ham xaridor tomonidan sotib olingandan so‘ng uning qandaydir iste’mol xususiyatlari (o‘lchami, rangi, fasoni va b.) mos kelmaganligi vaji bilan almashtirilishi mumkin. Faqat bunda tovardan foydalanilmagan, u shikastlanmagan, qadog‘i bilan qaytarilgan bo‘lishi, uning iste’mol xususiyatlari saqlangan va ushbu sotuvchidan sotib olganligini tasdiqlovchi asoslar bo‘lishi talab etiladi. Bizning misolimizdagi oyoq kiyimida esa nuqson aniqlangan va u o‘z-o‘zidan qonunning iste’molchiga nuqsonli tovar sotilganda sotuvchi tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlar, tartib va muddatlar ichida almashtirib berilishi lozim bo‘ladi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida sotuvchi J.J.ga bu haqda tushuntirishlar berilganida, u qonun talablarini to‘g‘ri anglab yetgani holda, iste’molchining qonuniy talablarini qanoatlantirish yo‘lini tutdi va nuqsonli oyoq kiyimini boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berib, yuzaga kelgan muammoni bartaraf qildi.
Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.
Отправить комментарий