Tayanch guruhlari rahbarlari bilan istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi

Tayanch guruhlari rahbarlari bilan istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi

Federatsiya Ustaviga ko‘ra, uning korxona, tashkilot, idora va muassasalarda tashkil etilgan boshlang‘ich tashkiloti «tayanch guruhi» deb nomlanib, tayanch guruhi rahbari shu korxona, tashkilot, idora va muassasalardagi Federatsiya a’zolari orasidan saylanadi va u o‘z faoliyatini hududidagi tuman (shahar) Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati bilan uzviy hamkorlikda olib boradi. Tayanch guruhi rahbarining faol bo‘lishi yurtimiz aholisi o‘rtasida iste’molchilik ijtimoiy harakatini keng quloch yoyishida, aholining sohaga oid huquqiy bilimlarini oshirib borish va jamoatchilik nazoratini keng yo‘lga qo‘yishda, sohaga oid qonunchilikdan, ijtimoiy harakat faoliyatiga oid yangiliklardan xabardorligini ta’minlashda, shuning bilan birgalikda tayanch guruhiga biriktirilgan a’zolarning iste’mol sohasiga oid muammolarini tizimli asosda hal etib borilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtai nazardan, Toshloq tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tayanch guruhlari rahbarlari ishtirokida “Tayanch guruhlariga Federatsiya Ustavi va ichki me’yoriy hujjatlari bilan belgilab berilgan vazifalar” mavzusida davra suhbati tashkillandi. Tadbirda tayanch guruhi faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va samarali olib borish uchun jamiyat va tayanch guruhlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalar, ish yuritish hujjatlari va boshqa me’yoriy hujjatlar haqida batafsil tushunchalar berildi.

Shuningdek, tadbir doirasida tayanch guruhlari rahbarlarining Federatsiya, uning tizimidagi tashkilotlar, shuningdek quyi bo‘g‘in tashkilotlari bo‘lgan tayanch guruhlari faoliyatini yanada yaxshilash va takomillashtirish, kundalik turmush jarayonida uchrab turadigan ayrim muammolar va ularning yechimlari yuzasidan taklif va mulohazalari ham eshitilib, ularni qiziqtirgan savollarga tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan javoblar qaytarildi.

Husnidaxon Yakubova,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий