Xorijlik savdogarning do‘konida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zaruriy sharoitlar yaratiladigan bo‘ldi
Marg‘ilon shahrilik X.Q. shahar hududidagi «Ipakchi buyum bozori» hududida savdo-sotiq faoliyatini olib borayotgan xitoylik tadbirkorga qarashli savdo do‘konida nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishlari va foydalanishlarii uchun yetarli imkoniyatlar yaratilmaganligi xususida Raqobat qo‘mitasining 1159 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qoldirgan.
Avvalo, O‘zbekiston Respublikasida qonunlar, Prezident va Hukumat qarorlari bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida bir qator normativ hujjatlar qabul qilinganligini, ular bilan esa nogironligi bo‘lgan shaxslarning ko‘chada, transportda, binolar ichida va jamoat joylarida xavfsiz va to‘siqlarsiz harakatlanishi uchun qulay muhit yaratib berish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar hamda bajarilishi majburiy bo‘lgan tavsiya va ko‘rsatmalar belgilab berilganligini ta’kidlab o‘tishimiz lozim. Qonunchilik hujjatlari esa mamlakat ichida barcha fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari, shuningdek ular tomonidan tashkil qilingan yuridik va jismoniy shaxs shaklidagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun ham birdek amal qiladi.
Yuqoridagi murojaatga qaytsak. Iste’molchi 1-guruh nogironi bo‘lgan va nogironlik aravachasida harakatlanuvchi onasini xitoylik tadbirkorlar tomonidan ochilgan, ikki qavatli savdo do‘koniga olib kirgan. Lekin nogironligi bo‘lgan shaxslarga binoning yuqori qavatiga ko‘tarilish uchun sharoit (pandus, eskalator yoki lift) yaratilmaganligi sababli ikkinchi qavatga ko‘tarila olmagan.
Murojaat hududiy tegishliligi bo‘yicha Federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida savdo do‘koni menejeri Chin Ye bilan uchrashilib, yuzaga kelgan holat va uni bartaraf qilish bo‘yicha muzokaralar olib borillishi jarayonida, xorijlik tadbirkor, ular mazkur binoda ijarada turib faoliyat olib borayotganliklarini, lekin shunday bo‘lsada qonunchilik talablari ijrosini ta’minlash maqsadida, bino mulkdori bilan kelishgan holda, 7 ish kuni ichida nogironligi bo‘lgan shaxslarning yuqori qavatga ko‘tarilishlari uchun sharoit yaratib berilishini o‘z zimmasiga oldi. Hozirda mazkur yo‘nalishda ishlar boshlangan bo‘lib, jamiyat xodimlari tomonidan ishlarning borishi nazorat qilib borilmoqda.
Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий