Sud Marg‘ilonlik iste’molchining foydasiga qaror chiqardi

Sud Marg‘ilonlik iste’molchining foydasiga qaror chiqardi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi Marg‘ilon shahrida yashovchi iste’molchi V.N.ning manfaatlarini ko‘zlab kiritilgan dav’o arizasini ko‘rib chiqib, unga asossiz hisoblangan qariyb 1 606 816 so‘m qarz va penya majburiyatining 1 252 409 so‘mini bekor qildi. Sudga da’vo arizasi Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan kiritilgan edi.

Iste’molchi V.N.ning ta’kidlashicha, uning yashab turgan ko‘p qavatli uyi 2023-yildan buyon yetarli darajada isitilmagan. U bir necha bor muammoga e’tibor qaratgan, 2025-yilda esa bu borada rasmiy dalolatnoma ham tuzilgan. Shunga qaramay, issiqlik ta’minoti korxonasi unga 1 236 319 so‘m qarz, shu jumladan 370 497 so‘m yaqin penya hisoblagan edi.

Sud jarayonida aniqlanishicha, korxona tomonidan tuzilgan dalolatnomada 2023–2025-yillar qish mavsumida uyga yetarli issiqlik berilmaganligi qayd etilgan. Bu esa iste’molchi zimmasiga qo‘yilgan qarzlarning qayta ko‘rib chiqilishini taqozo etadi. Sud issiqlik ta’minoti bo‘yicha normativ hujjatlarni tahlil qilib, yetarli xizmat ko‘rsatilmagan davr uchun iste’molchining bunday to‘lovlardan ozod etilishi lozimligini ma’lum qildi.

Natijada sud tomonlarni tinglab, javobgar tomonining sudda bergan tushuntirishlari va asoslarini ham inobatga olgan holda, iste’molchi V.N.ga hisoblangan 881 912 so‘m asosiy qarz hamda 370 497 so‘mlik penyani bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. Shuningdek, javobgar tomondan davlat foydasiga 412 000 so‘m davlat boji undiriladigan bo‘ldi.

Bu holat iste’molchilarga muhim saboq bo‘la oladi: agar xizmat sifati talabga javob bermasa, har kim o‘z huquqlarini himoya qilishga haqli. Muhimi — muammoni rasmiy tartibda qayd ettirish, dalolatnoma tuzdirish va tegishli idoralarga murojaat qilishdan qo‘rqmaslik.

Saidxon Xapizov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий