Chakana savdo qoidalariga amal qilmagan sotuvchi moddiy va imij zararlariga duch kelaveradi
Bejizga «O‘zbekiston Respublikasi chakana savdo qoidalari»ning texnik jihatdan murakkab maishiy tovarlarni sotish xususiyatlari bobida bunday tovarlarni realizasiya qilinishi jarayonida sotuvchi tomonidan xaridorning talabiga ko‘ra u tovarning tuzilishi va ishlashi bilan tanishtirilishi, tovar yig‘ilgan, texnik jihatdan soz holatda namoyish qilinishi kerak, deb belgilab qo‘yilmagan. Qonunchilik sotib olingan tovarning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas, degan taxmindan kelib chiqib yondoshadi va yuqoridagi normalarni nazariga ilmagan sotuvchi kelgusida turli noxush holatlarga tushib qolishi mumkin.
Rishton tumanilik M.U. tuman hududidagi savdo do‘konidan 1 850 000 so‘m naqd pul evaziga Samsung AU 9000/43 rusumli televizor xarid qilganidan so‘ng, xonadoniga keltirib foydalanishi jarayonida undagi televizion kanallar muayyan vaqt o‘tib o‘z-o‘zidan almashib qolavergan. Sotuvchi bilan bog‘langanida televizorni o‘chirib qaytadan avtosozlash rejimiga qo‘yish va kutish tavsiyasi berilgan. Lekin ushbu sa’y-harakatlardan ham natija bo‘lmagan.
Mazkur holatni o‘rganib chiqish va nuqsonli bo‘lgan televizorni boshqasiga almashtirish to‘g‘risidagi murojaat Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassisi tomonidan o‘rganilishi jarayonida iste’molchi tomonidan bildirilgan e’tirozlarning o‘rinli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng sotuvchi bilan bu borada muzokaralar olib borildi. Muzokaralar esa nuqsonli ekanligi da’vo qilingan televizorni xuddi shu rusumdagi maqbul sifatda bo‘lgan televizor bilan almashtirib berilishi yakun topdi.
Shu o‘rinda aholiga turli tovarlarni chakana realizasiyasi bilan shug‘ullanayotgan sotuvchilarga chakana savdo qoidalarining o‘zlari sotayotgan tovarlar bilan bog‘liq boblaridagi talablar bilan yaqindan tanishib olish va ularga amal qilgan holda faoliyat olib borishlarini tavsiya qilib o‘tamiz. Chunki ularga amal qilmaslik sotuvchiga nafaqat moddiy zararlarni olib keladi, balki imijiga ham salbiy ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi.
Xusniddin Latipov,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий