Iste’molchi manfaati ustuvor: bir murojaat misolida
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, sotuvchi shartnoma asosida iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish majburiyatini, iste’molchi esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar. Lekin amaliyotda tomonlardan biri, xususan sotuvchi o‘z majburiyatini to‘laqonli bajarmasdan, iste’molchiga maqbul sifatda bo‘lmagan tovarni sotish holatlari ko‘p uchrab qolmoqda. Bunday holatlardan birini Yozyovon tumanilik T.X.ning murojaatini o‘rganilishi misolida ko‘rib chiqaylik.
Iste’molchi tumandagi Qatortol MFY hududida faoliyat olib borayotgan paxta titish sexidan o‘z ehtiyojlari uchun sotib olgan xalqimiz oddiy tilda toy paxta deb ataydigan mahsulotni xonadoniga keltirganida uydagilari unga paxtadan yoqimsiz zax hidi kelayotganligi, bunday hid kelishini sababi paxta titish jarayonida uning tarkibiga eski yaroqsiz uvada qo‘shib yuborilgan bo‘ilishi mumkinligi, undan foydalanib bo‘lmasligi bo‘yicha e’tirozlarini bildirgan. Iste’molchining sotuvchi bilan bu boradagi muzokaralaridan esa ijobiy natija bo‘lmagan.
Murojaatni tuman jamiyati mutaxassislar tomonidan o‘rganilishi jarayonida sotuvchi bilan uchrashilib, unga qonunchilik targ‘iboti olib borilishi davomida u mahsulotning haqiqatan ham maqbul sifatda emasligini tan olib, iste’molchiga sotilgan nuqsonli tovarni qaytarib olish va maqbul sifatdagi tovarni yetkazib berishni o‘z zimmasiga oldi.
Bu kabi holatlar iste’molchilarning qonuniy huquqlarini bilishi va ularni himoya qilish mexanizmlaridan foydalanishi naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlari ham o‘z faoliyatida qonun talablariga qat’iy rioya etishi, iste’molchiga sifatli va xavfsiz tovar taklif etishi lozim. Bu esa nafaqat fuqarolarning manfaatlarini ta’minlaydi, balki bozorda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga, jamiyatda ishonch va qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shavkatjon Saidov,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий