Nuqsonli tovarni almashtirilishi natijasida kelib chiqqan ortiqcha summa iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilindi
Agar iste’molchi tomonidan xarid qilingan tovarda nuqson aniqlansa, bunday tovar iste’molchining talabi bilan xuddi shunday tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berilishi shart. Sotuvchi tomonidan ushbu muddatlarga amal qilmaslik u iste’molchiga almashtirilgan tovarni berishi bilan bir vaqtda tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lashiga sabab bo‘ladi. Agar Bag‘dod tumanida kuzatilgan holatda sotuvchi qonunchilikning yuqoridagi normasi talablariga amal qilmaganida ish neustoyka (penya) undirish darajasigacha borib yetishi mumkin edi.
Iste’molchi T.J. tuman markazidagi «Ishonch» kredit savdo do‘konidan Rosso rusumli, 43 dyum ekranli bo‘lgan televizorni qiymatini bo‘lib to‘lash shartlarida 4 083 625 so‘mga xarid qiladi. Televizor uyga keltirib ishga tushirilganda uning boshqaruv pulti boshqa rusumdagi televizorniki bo‘lib chiqqan. Savdo do‘koniga ushbu holatni bartaraf qilib berish borasida qilgan murojaati naija beravermagach tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qonuniy huquqlari himoya qilinishini so‘rab murojaat qilgan.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida sotuvchi tomoni bilan olib borilgan muzokaralardan so‘ng, sotuvda boshqa xuddi shu rusumdagi televizor bo‘lmaganligi sababli, iste’molchining roziligi bilan nuqsonli tovarni boshqa markali shunday tovarga almashtirib berib, xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilishga kelishib olindi. O‘rganish yakuni bilan, qonun talablaridan kelib chiqqan holda, nuqsonli tovar boshqa markali xuddi shunday tovarga almashtirilishi natijasida kelib chiqqan 2 125 951 so‘m ortiqcha summa iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Diloromxon Mirzayeva,
jamiyat mutaxassisi.



Отправить комментарий