Chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlaridagi hisob-kitob va sifat muammolari

Chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlaridagi hisob-kitob va sifat muammolari

Federatsiya tizim tashkilotlariga aholi vakillaridan chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq hisoblanishi, maxsus texnikaning kelish vaqtlari bo‘yicha belgilangan grafikdan chetga chiqish holatlari kabi masalalarda murojaatlar bo‘lib turibdi. Murojaatlarni o‘rganish davomida, aksariyat holatlarda, iste’molchilar tomonidan keltirilgan vajlarning asosli ekanligi qayd qilinmoqda.

Rishton tumanida yashovchi iste’molchi Y.A. o‘g‘li S.R. uchun qurib bitkazilgan uy joylashgan mahallaning yangiligi, o‘g‘lining uyi atrofidagi aksariyat qo‘shnilar tomonidan uylar qurib bitkazilmaganligi sababli ushbu ko‘chada u yolg‘iz yashashi, shu sababli ham ushbu ko‘chaga chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlari ko‘rsatilmasligi, biroq shu kunlarda ushbu uyni notarius orqali oldi-sotdi qilinishi jarayonida «Toza makon» billing bazasidan mazkur xizmatlar bo‘yicha 162 000 so‘m qarzdorlik mavjudligi haqida ma’lumot chiqib kelganligi holati yuzasidan Bosh prokuraturaga murojaat yo‘llagan.

Federatsiyaning Rishton tuman jamiyati mutaxassisi tomonidan mazkur murojaat o‘rganilishi jarayonida tuman hududiga chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonaga so‘rov xati kiritilganda, qarzdorlikning kelib chiqishiga sabab qilib iste’molchining kadastr raqami boshqa mahallada yashovchi fuqaro R.B.ga birikib qolganligi, o‘rganish davomida mazkur xatoliklar bartaraf qilinganligi yuzasidan javob xati olindi.

O‘zbekiston tumanilik M.Sh. o‘zlari istiqomat qiladigan Yaypan guzar mahallasidan chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketilmaganligi, bu boradagi murojaatlari e’tiborsiz qolayotganligi xususida tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat qilgan. Mazkur masalada hududga chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonaga kiritilgan so‘rovga esa texnik sabalarga ko‘ra iste’molchi yashovchi ko‘chaga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus texnikani kirish grafigi o‘zgarganligi, shu sababdan ham mazkur ko‘chada yashovchi aholiga keyinchalik to‘liq xizmat ko‘rsatilganligi yuzasidan javob xati olindi. O‘rganish davomida xizmat ko‘rsatuvchi tomoniga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirish va ogohlantirishlar berilgan.

Yuqorida keltirilgan holatlar chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlarida hisob-kitobning shaffofligi, xizmat ko‘rsatish grafiklariga qat’iy rioya etish hamda ma’lumotlar bazasidagi xatoliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Iste’molchilarning asosli murojaatlariga tezkor va xolis yondashuv, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan qonunchilik talablariga so‘zsiz amal qilish fuqarolarning huquqlarini ta’minlashga, aholi ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu borada jamoatchilik nazorati va mutasaddi tashkilotlarning hamkorligi kelgusida bunday muammolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xusniddin Latipov,
Dilshodbek Rassayev,
Rishton va O‘zbekiston tuman jamiyatlari mutaxassislari

Отправить комментарий