Qonunni yanada takomillashtirish masalalari jamoatchilik e’tiborida
Farg‘ona shahrida joylashgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari uyi”da O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunini yanada takomillashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir jamoatchilik nazorati institutlariini yanada rivojlantirish, fuqarolik jamiyatining davlat boshqaruvidagi o‘rni va ta’sirini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Tilavoldiev, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Tadbir ochiq muloqot ruhida o‘tib, ishtirokchilar qonun loyihasining mazmun-mohiyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini erkin bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Muhokama davomida qonun loyihasining asosiy qoidalari, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish shakl va mexanizmlari, shuningdek, fuqarolarning davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatidagi ishtirokini kuchaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, jamoatchilik eshituvlari, jamoatchilik ekspertizasi, jamoatchilik monitoringi kabi institutlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar qonun loyihasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamiyatda hisobdorlikni kuchaytirish hamda davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Shu bilan birga, qonun normalarini amaliyotda samarali qo‘llash uchun uni yanada takomillashtirish, ayrim moddalarni aniqlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Tadbir yakunida bildirilgan fikr va mulohazalar qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida inobatga olinishi, bunday ochiq muhokamalar esa jamoatchilik nazorati madaniyatini shakllantirishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.



Отправить комментарий