Onlayn savdo jarayonida e’tiborli bo‘laylik

Onlayn savdo jarayonida e’tiborli bo‘laylik

Qonunchilikda axborot tizimlaridan foydalangan holda tuziladigan shartnomaga muvofiq tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizasiya qilishda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) iste’molchiga shartnoma tuzilguniga qadar davlat tilida yoki taraflarning kelishuviga ko‘ra boshqa tilda taqdim qilinishi shart bo‘lgan eng muhim ma’lumotlar jumlasiga, sotuvchining (ijrochining) nomi, uning manzili va shikoyatlarni qabul qilish tartibi kiradi. Sababi ertaga iste’molchida tovar yuzasidan biror e’tiroz bo‘lganda u kimga va qaerga murojaat qilishni bilishi lozim.

Lekin aksariyat hollarda aholimiz vakillari (iste’molchilar) tovarga onlayn buyurtma berish jarayonida ushbu holatlarni biroz esdan chiqarib qo‘ymoqdalar. Oqibatda tovar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganida «Men tovarni instagramdagi profilida ko‘rib buyurtma qilgandim», «Men sotuvchini raqamini bilmayman, lekin telegramdagi gruppasida yozishmadan so‘ng pul o‘tkazib berganman», «O‘zimni e’tirozlarimni bildirishni boshlaganimdan so‘ng meni bloklab qo‘ydi, endi unga bog‘lana olmayapman» qabilidagi shikoyatlar kelib chiqmoqda.

Farg‘ona tumanilik A.V. instagram ijtimoiy tarmog‘ida ko‘rgan planshet reklamasiga qiziqish bildirib, unga buyurtma bermoqchi bo‘lganida havola uni «Uzum nasiya» onlayn savdo platformasiga boshlab kelgan. Mazkur platforma orqali ilgari ham turli tovarlarga buyurtma berib yurgan iste’molchi o‘zi yoqtirgan planshetni farzandiga olib berish maqsadida 800 000 so‘mga nasiyani rasmiylashtirgan. Buyurtma yetib kelgach, uni olib kelgan yetkazib beruvchi shaxs oldida planshetni ochib ishlatib ko‘rmoqchi bo‘lganida, u ishlamagan. Yetkazib beruvchi shaxs uning oldida kimgadir qo‘ng‘iroq qilib, ishlamagan planshetni qaytarib olib ketganidan so‘ng o‘tgan vaqt ichida uning bank kartasidan ikki marta 266 000 so‘mdan pul mablag‘i yechib olingan.

Iste’molchining mazkur masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Farg‘ona tuman ichki ishlar bo‘limiga qilgan murojaati, masalaning tegishliligi bo‘yicha, tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida iste’molchining plastik kartasidan yechib olingan pul mablag‘larini to‘lig‘icha uning bank kartasiga qaytarilishiga erishildi.

Xulosa qilib aytganda, onlayn savdoda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasdan, sotuvchi haqidagi barcha zarur ma’lumotlarni oldindan tekshirish, shartnoma shartlarini diqqat bilan o‘qish va to‘lovni faqat ishonchli platformalar orqali amalga oshirish har bir iste’molchining o‘z huquqlarini himoya qilishdagi eng muhim qadamidir. E’tibor va huquqiy bilim esa kelgusida turli noxush holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Kamoliddin Shokirjonov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий