Skuter sotuvchiga qaytarildi hamda muddatli to‘lov shartnomasi bekor qilindi

Skuter sotuvchiga qaytarildi hamda muddatli to‘lov shartnomasi bekor qilindi

Xabaringiz bor, ilgariroq «Yo‘l harakati qoidalari»ga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, elektromotosikl, moped va skuterlar uchun alohida farqlovchi davlat raqam belgilari joriy etilgan, Hukumat qarori bilan foydalanishda bo‘lgan moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida vaqtinchalik nizom tasdiqlangan hamda mazkur turdagi transport vositalarini boshqarish uchun tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talab etilishi, ularni guvohnomasiz boshqarganlar esa jarimaga tortilishi belgilab qo‘yilgan edi.

Farg‘ona shahrilik M. J. kredit savdo do‘konidan bo‘lib to‘lash shartlarida 18 190 000 so‘mga skuter xarid qilganida qonunchilikka kiritilgan yuqoridagi talablarni yoki bilmagan yoki unutib qo‘ygan. Xullas, skuter xarid qilib bo‘lingach, guvohnomasiz uni boshqarishning imkoni yo‘qligidan boshi qotgan iste’molchi sotuvchiga tovarni qaytarish va shartnomani bekor qilish masalasida murojaat qilgan. Lekin tomonlar ushbu masalada biror kelishuvga erisha olmagan.

Iste’molchining mazkur masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiyaning 1091 ishonch raqamiga qilgan murojaati Farg‘ona shahar jamiyatida o‘rganilishi davomida jamiyat mutaxassislari sotuvchi tomoni mas’ullari bilan bu borada muzokaralar olib bordilar. Garchi amaldagi qonunchilikka ko‘ra, yuzaga kelgan holatda sotuvchi tomonining tarozisi bosib turgan bo‘lsada, o‘z imidji va mijoz talabini ustun qo‘ygan sotuvchi sharoit taqozosi tufayli foydalanishning imkoni bo‘lmagan tovarni qaytarib olib, muddatli to‘lov shartnomasini bekor qilib berdi.

Mansurjon Toshkanov,
jamiyat mutaxassisi.

Отправить комментарий