Sifatsiz monolit uchun to‘langan 3,3 million so‘m iste’molchiga qaytarildi
Toshloq tumanida yashovchi fuqaro R. A. tomonidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Toshloq tuman jamiyatiga qilingan murojaat qisqa muddatda o‘rganilib, iste’molchining qonuniy manfaatlari himoya qilindi.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro Andijon shahrida joylashgan “Andi Jasmin” MChJdan 3 million 300 ming so‘m evaziga yig‘ma monolit xarid qilgan. Biroq mahsulot sifatsiz chiqqanligi sababli iste’molchi unga to‘langan mablag‘ni qaytarishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
O‘rganish jarayonida Federatsiyaning Toshloq tuman jamiyati mutaxassislari sotuvchi tomonidan korxona mas’ullari bilan muzokaralar olib borilib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari tushuntirildi hamda kelib chiqqan nizoni qonuniy hal etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Olib borilgan o‘rganishlar va amaliy harakatlar natijasida shu kunning o‘zida dalolatnoma rasmiylashtirilib, iste’molchi tomonidan sifatsiz monolit uchun to‘langan 3 million 300 ming so‘m mablag‘ naqd pul ko‘rinishida qaytarib berildi.
Mazkur holat iste’molchilar murojaatlarini tezkor va qonuniy tartibda ko‘rib chiqish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashda jamoatchilik tashkilotlarining o‘rni muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi. Shuningdek, iste’molchilar xarid yoki xizmatdan foydalanishda mahsulot sifatiga alohida e’tibor qaratishi, huquqlari buzilgan holatlarda esa tegishli tashkilotlarga murojaat qilishdan tortinmasligi lozim.



Отправить комментарий