To‘y va marosim xizmatlaridan foydalanyapsizmi? Huquqlaringizni unutmang.

To‘y va marosim xizmatlaridan foydalanyapsizmi? Huquqlaringizni unutmang.

Ma’lumki, kundalik hayotimizda oilaviy tadbirlar, to‘y va marosimlar muhim o‘rin tutadi. Bu jarayonda aholimiz bazmgohlar, to‘yxonalar, maxsus agentliklar, kelin liboslari salonlari, foto va videostudiyalar hamda qator xizmat ko‘rsatuvchi sub’ektlarning xizmatlaridan foydalanishadi.

Ammo so‘nggi paytlarda ushbu sohada iste’molchilarning haq-huquqlari buzilishi, shartnomalarning rasmiylashtirilmasligi, narxlarning shaffof emasligi hamda ayrim sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilinmayotganligi yuzasidan murojaatlar ko‘paymoqda.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasining ish rejasiga asosan viloyatimiz hududida keng qamrovli jamoatchilik nazorati tartibida monitoring o‘rganish ishlari o‘tkazilmoqda.

Mazkur monitoring tadbirlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad:

— to‘y va marosimlar industriyasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi sub’ektlar faoliyatining qonuniyligini ta’minlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda savdo va sanitariya-gigiena talablariga so‘zsiz rioya etilishiga erishishdir.

Bizning ishchi guruhlarimiz tomonidan quyidagi yo‘nalishlar qat’iy nazoratga olinadi:

• Bazmgoh va to‘yxonalarda oziq-ovqat xavfsizligi, sanitariya me’yorlari va qoidalariga amal qilinishi;

• Ko‘rsatiladigan xizmatlar yuzasidan iste’molchilar bilan yozma shartnomalarning tuzilishi;

• Hisob-kitoblarni amalga oshirishda qonuniy cheklar (onlayn-kassa cheklari, terminal kvitansiyalari) berilishi;

• Xizmat narxlarining ochiqligi va iste’molchilarga to‘liq ma’lumot berilishi.

Ushbu monitoring davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli sub’ektlarga tavsiya va ko‘rsatmalar beriladi va qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha tegishli davlat organlariga takliflar kiritiladi.

Hurmatli iste’molchilar!

Agar Siz bazmgohlar, to‘yxonalar, to‘y agentliklari, salonlar, foto-video studiyalar yoki boshqa shu kabi xizmatlardan foydalanishda sifatsizlik, shartnoma shartlarining buzilishi yoki boshqa huquqbuzarliklarga duch kelsangiz, Federatsiya va uning hududiy tashkilotlariga murojaat qilishingiz mumkin!

Federatsiyamizning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali og‘zaki tarzda murojaat qilishingiz mumkin. Shuningdek, telefon brauzeri oynasiga murojaat.istemol.uz manzilini terib, elektron shaklda ham o‘z murojaatlaringizni yuborishingiz uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Qonun davlat har bir iste’molchining huquqi va manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlash kafolatini beradi!

Отправить комментарий