To‘langan summaning ko‘rsatilmagan xizmat qismi qaytarildi

To‘langan summaning ko‘rsatilmagan xizmat qismi qaytarildi

Tibbiy xizmatda eng muhimi — bemorga kelishilgan xizmatlar sifatli va belgilangan shartlar asosida ko‘rsatilishidir. Agar davolanish jarayonida vaziyat o‘zgarib, xizmatlarning barchasidan foydalanish imkoni bo‘lmasa, to‘langan mablag‘ning qay darajada qaytarilishi masalasi ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Farg‘ona tumanida yashovchi fuqaro N. Sh. Farg‘ona shahridagi xususiy klinikada davolanish bilan bog‘liq holat yuzasidan shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qildi. Hujjatlarga ko‘ra, bemor va xususiy klinika o‘rtasida ko‘rsatiladigan xizmatlarning umumiy qiymati 5 million so‘m etib kelishilgan. Bemor yonida bo‘lgan 2 million so‘mni to‘lab, qolgan qismini davolanish jarayonida to‘lashga kelishgan holda muolajalar boshlangan. Biroq davolanish jarayonida bemorda tezkorlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurati yuzaga kelgani sababli, muolajani boshqa klinikada davom ettirishga va u yerda jarrohlik amaliyotidan o‘tishga to‘g‘ri kelgan.

Shundan so‘ng bemor xususiy klinikada amalga oshirilmagan xizmatlar uchun to‘lagan mablag‘idan tegishli qismini qaytarish masalasida murojaat qildi. Farg‘ona shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan holat o‘rganilib, xususiy klinika rahbariga so‘rovnoma yuborildi. Natijada to‘langan 2 million so‘mning 1 million so‘mi bemorga haqiqatda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun olib qolinib, qolgan 1 million so‘m mablag‘ iste’molchiga qaytarib berildi.

Mazkur holat iste’molchilarga muhim eslatma: pullik tibbiy xizmat olishda ko‘rsatiladigan xizmatlar, ularning qiymati va to‘lov shartlarini oldindan aniqlash, imkoniyat qadar shartnoma, chek va boshqa hujjatlarni saqlab qo‘yish zarur. Agar davolanish jarayonida kelishilgan xizmatlarning bir qismi ko‘rsatilmay qolsa, iste’molchi to‘langan mablag‘ning amalda ko‘rsatilgan xizmatlarga tegishli qismini aniqlash va qolgan mablag‘ni qaytarish masalasini qonuniy tartibda ko‘tarishi mumkin. Bu holatda ham murojaat e’tiborsiz qolmadi va bemorga 1 million so‘m mablag‘ qaytarildi.

Отправить комментарий