Kafolat muddatida ishdan chiqqan muzlatgichning nosozligi bartaraf etildi
Xarid qilingan maishiy texnika vositasidan uzoq yillar davomida foydalanish iste’molchining qonuniy huquqlaridan biridir. Ayniqsa, kafolat muddati davomida mahsulotda nosozlik yuzaga kelsa, sotuvchi yoki servis xizmati tomonidan muammoni belgilangan tartibda bartaraf etish muhim.
Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro I. U. kafolat muddati davomida nosoz bo‘lib qolgan «Ziffler» rusumli muzlatgichi bo‘yicha Federatsiyaning Telegram-boti orqali murojaat qildi. Murojaatda muzlatgich bir yil davomida ishlatilgani, sovitish tizimi yaxshi ishlamayotgani va shu sababli unda sailanayotgan mahsulotlar buzilib qolayotgani bildirilgan. Fuqaro muzlatgichni servis xizmati orqali ta’mirlab berishda amaliy yordam so‘ragan.
Murojaatni o‘rganish maqsadida Toshloq tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan «DARIAN ELEKTRONIK» MChJ rahbariga rasmiy so‘rovnoma yuborildi. Korxona taqdim etgan javobda muzlatgich ichki tekshiruvdan o‘tkazilgani, aniqlangan nosozliklar amaldagi qonunchilik hamda kompaniyaning ichki tartib-qoidalari asosida bartaraf etilgani ma’lum qilindi.
Iste’molchilarga shu kabi holatlarga duch kelganda, maishiy texnika xarid qilinganda berilgan kafolat taloni, chek va boshqa hujjatlarni saqlash, kafolat muddatida nosozlik yuzaga kelsa, avvalo sotuvchi yoki servis xizmatiga yozma ravishda murojaat qilish zarurligini eslatib o‘tamiz. Muammo hal etilmasa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlaridan amaliy yordam so‘rashingiz mumkin.



Отправить комментарий