Quva tumanida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi ishlar sarhisob qilindi
Quva tumanida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati hamda tayanch guruhlari faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda jamiyatning o‘tgan davrdagi faoliyatini sarhisob qilish va kelgusi vazifalarni belgilashga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish kun tartibidan asosiy masala sifatida jamiyatning 2021–2025 yillardagi faoliyati natijalarini muhokama qilish o‘rin oldi. Hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar, iste’molchilar murojaatlari bilan ishlash, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi faoliyat yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida tayanch guruhlari faollarining joylardagi roliga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mahallalarda aholi bilan yaqin ishlash, iste’molchilarni qiynayotgan muammolarni aniqlash, ularga huquqiy tushuntirishlar berish va zarur hollarda tegishli tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasiga delegatlar saylash masalasi ko‘rib chiqildi. Kun tartibidagi mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, konferensiyada tuman jamiyati nomidan ishtirok etadigan delegatlar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish, joylarda tayanch guruhlari faolligini oshirish va aholi bilan samarali muloqotni yanada kuchaytirishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.



Отправить комментарий