Chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlari bo‘yicha aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari tahlili
Hududiy birlashma tomonidan aholiga chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlari ko‘rsatilishi holatini o‘rganish, xizmatlar sifati, o‘z vaqtida ko‘rsatilishi hamda iste’molchilarning ushbu sohadagi huquq va manfaatlari ta’minlanishini baholash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari muayyan muammolar mavjudligini ko‘rsatdi.
So‘rovnomada ishtirok etgan 379 nafar aholi vakilining 240 nafari (63,3 foizi) yashash hududida chiqindi konteynerlari mavjud emasligini bildirgan. Konteynerlar mavjud bo‘lgan hududlarda ham ularning soni yetarli emasligi haqida 262 nafar (69,1 foiz) ishtirokchi fikr bildirgan.
Tuman (shahar)lar kesimida tahlil qilinganda, konteynerlar bilan ta’minlanganlik holati ayniqsa Quva, Qo‘shtepa, Qo‘qon shahri, Buvayda va Dang‘ara tumanlarida muammoli ko‘rinadi. Masalan, Quva va Qo‘shtepa tumanlarida so‘rovda qatnashganlarning barchasi konteynerlar mavjud emasligini qayd etgan.
Konteynerlarning texnik holati bo‘yicha 41 nafar “yaxshi”, 281 nafar “qoniqarli”, 57 nafar esa “yomon” deb baholagan. Konteynerlar atrofining doimo toza saqlanishi haqida ijobiy fikr bildirganlar 108 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 172 nafar aholi bu holat faqat ba’zan ta’minlanishini, 99 nafar esa konteynerlar atrofi toza saqlanmasligini bildirgan.
Chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketish masalasi
So‘rovnoma natijalarining eng muhim jihatlaridan biri — chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketish bilan bog‘liq muammolardir. 204 nafar (53,8 foiz) ishtirokchi chiqindilar belgilangan muddatda olib ketilmay qoladigan holatlar mavjudligini qayd etgan.
Bu muammo Quva tumanida — 100 foiz, Qo‘shtepada — 95 foiz, Buvaydada — 100 foiz, Toshloqda — 85 foiz, Yozyovonda — 82 foiz, Oltiariqda — 81,8 foiz va Rishtonda — 75 foiz darajasida qayd etilgan.
Shu bilan birga, chiqindilarni belgilangan grafik asosida olib chiqish masalasida ham hududlar o‘rtasida jiddiy farq bor. Ayrim hududlarda xizmat grafik asosida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, boshqa hududlarda aholi aniq grafik mavjud emasligi yoki grafikka rioya etilmasligini bildirgan.
To‘lovlar, shartnoma va qarzdorlik holati
So‘rovda ishtirok etganlarning 358 nafari (94,5 foizi) chiqindi tashish xizmati uchun to‘lov amalga oshirishini bildirgan. 312 nafar (82,3 foiz) tarif miqdori haqida ma’lumotga ega ekanini, 349 nafar (92,1 foiz) esa to‘lov miqdorini tushunarli deb hisoblashini bildirgan.
Biroq xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnoma masalasida vaziyat nisbatan murakkab: 177 nafar “shartnoma mavjud”, 151 nafar shartnoma yo‘q, yana 51 nafar shartnoma bor-yo‘qligini bilmasligini bildirgan.
Shuningdek, 105 nafar ishtirokchi (27,7 foiz) asossiz qarzdorlik hisoblangan holatga duch kelganini qayd etgan. Ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘lib, Quva shahrida emas, Quva tumanida 100 foiz, Quvasoy shahrida 98 foiz, Bag‘dod tumanida 100 foiz darajasida qayd etilgan.
Sanitariya va ekologik holat
Chiqindilar to‘planishi natijasida sanitariya muammolari yuzaga kelishi ham dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. 133 nafar ishtirokchi chiqindilar atrofida pashsha, kemiruvchi va boshqa sanitariya muammolari borligini bildirgan.
Chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha imkoniyatlar esa juda past: 328 nafar (86,5 foiz) alohida saralash konteynerlari mavjud emasligini, 273 nafar (72,0 foiz) plastik, qog‘oz va shisha kabi chiqindilarni alohida topshirish imkoniyati yo‘qligini bildirgan.
Bu holat chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimini aholi yashash hududlarida rivojlantirish zarurligini ko‘rsatadi.
Murojaatlar va muammolarni bartaraf etish
So‘rov ishtirokchilarining 128 nafari chiqindi tashish xizmati bo‘yicha shikoyat qilgan. Ularning 107 nafariga (83,6 foiz) shikoyat yuzasidan javob berilgan.
Biroq murojaatlarga javob berish bilan muammoni amalda hal etish o‘rtasida tafovut mavjud. Shikoyat qilganlarning faqat 32 nafarida muammo to‘liq bartaraf etilgan, 63 nafarida qisman bartaraf etilgan, 33 nafarida esa muammo hal etilmagan.
Bu ko‘rsatkich murojaatlarga formal javob berishdan tashqari, ularda ko‘tarilgan muammolarni amalda bartaraf etish mexanizmlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Aholining umumiy bahosi
Chiqindi tashish xizmatidan qoniqish 5 ballik tizimda baholangan. 379 nafar ishtirokchining:
23 nafari — 1 ball;
9 nafari — 2 ball;
122 nafari — 3 ball;
154 nafari — 4 ball;
71 nafari — 5 ball bergan.
Umumiy o‘rtacha baho 3,64 ballni tashkil etgan.
Tuman (shahar)lar kesimida eng yuqori o‘rtacha baho Farg‘ona shahrida — 5,0 ball, Beshariq va Marg‘ilon shahrida — 4,4 balldan qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkich Quva tumanida — 1,0 ball, Bag‘dod tumanida — 3,0 ball, Oltiariq tumanida — 3,1 ballni tashkil etgan.
Xulosa
Umuman, so‘rovnoma natijalari Farg‘ona viloyatida chiqindilarni to‘plash va olib ketish xizmatlarini tashkil etishda konteynerlar bilan ta’minlanganlik, ularning yetarliligi, chiqindilarni belgilangan grafik asosida va o‘z vaqtida olib ketish, shartnoma munosabatlari, asossiz qarzdorlik, sanitariya holati hamda murojaatlarning natijadorligi bo‘yicha hududlar kesimida turlicha muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, Quva, Quvasoy, Qo‘shtepa, Yozyovon, Toshloq, Rishton va Oltiariq hududlarida ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha muammoli holatlar yuqori darajada qayd etilgan.
Shu munosabat bilan chiqindi konteynerlari soni va holatini qayta ko‘rib chiqish, olib chiqishning aniq grafigini aholiga ochiq ma’lum qilish, shartnoma munosabatlarini tartibga solish, asossiz qarzdorliklarni bartaraf etish, murojaatlar bo‘yicha amaliy natijadorlikni oshirish hamda chiqindilarni saralab yig‘ish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadga muvofiq.



Отправить комментарий