Yo`lovchi tashishning ham o`z qonun-qoidalari bor

Yo`lovchi tashishning ham o`z qonun-qoidalari bor

Kundalik ish faoliyatimiz yoki boshqa yumushlarimiz tufayli tez-tez yo`lovchi tashuvchi transporti xizmatlaridan foydalanishimizga to`g`ri keladi. Og`irimizni yengil qilib, manzilimizga tez eltib qo`yuvchi mazkur yo`nalishda xizmat ko`rsatuvchi korxonalarning borligi yaxshi, albatta, lekin ular tomonidan xizmat haqi (yo`l kira)ni belgilashda o`zboshimchaliklarga yo`l qo`yilsachi?

Toshloq tumani Qumariq mahallasida yashovchi T. Аbdullaevaning tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaati ana shu masalada bo`ldi. Murojaatda keltirilishicha, “Toshloq-Qumariq” yo`nalishida yo`lovchi tashish xizmatlarini ko`rsatayotgan bir guruh “Damas” haydovchilari yo`nalish bo`ylab yo`l-yo`lakay chiqib, bir-ikki bekat yurilgach tushib qolayotgan yo`lovchilardan ham oxirgi bekatgacha belgilangan yo`l kira haqini olinishi bo`yicha talab qo`yayotgan ekan. Isteʼmolchi bu borada o`zi kabi ko`plab hamqishloqlari ham norozi bo`layotganini taʼkidlab, tuman jamiyatimizdan ko`mak so`ragan.
Murojaat yuzasidan tuman markazidagi avtoshohbekatda o`rganish o`tkazilib, unga soha mutaxassislari ham jalb qilindi. O`rganish natijalariga ko`ra, tuman markazidan mazkur yo`nalishning oxirgi bekatigacha bo`lgan yo‘l 20 kilometrga yaqin masofani tashkil etib, amaldagi tartib-qoidalarga asosan 3000 so`m atrofida yo`l kira belgilanishi, yo`lda chiqib-tushuvchilardan esa har bir kilometri uchun 130 so`mdan haq olinishi, shunda bir-ikki bekat yurib tushib qolgan yo`lovchidan qatʼiy 500 so`mdan haq olinishi amaldagi tartib-qoidalar talabalariga mos kelishi qayd qilindi. Yo`nalish haydovchilariga har bir yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanayotgan xo`jalik yurituvchi subʼekt o`z ish faoliyatini amaldagi isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risidagi qonunlar va qonunosti meʼyoriy-hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirishi lozimligi tushuntirildi.
Isteʼmolchining qonuniy talabi qondirilib, yo`l kira haqlarini olinishida belgilangan tartib-qoidalarga amal qilinishi yo`lga qo`yildi.

Ulug`bek Mirzaumarov
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий