Mutaxassisning besh yil oldin yo`l qo`ygan xatosi fuqaroga qimmatga tushishi mumkin edi

Mutaxassisning besh yil oldin yo`l qo`ygan xatosi fuqaroga qimmatga tushishi mumkin edi

Murojaat

Uchko`prik tumani Gumbaz qishlog`ida yashovchi fuqaro D. Yu. tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qildi. Аrizada jumladan shunday deyilgan edi:

“Аrizamning qisqacha mazmuni shundan iboratki, nomimga rasmiylashtirilgan …64-raqamli abonent raqamiga Uchko`prik tuman elektr taʼminoti korxonasi (ETK) xodimlari tomonidan 31.01.2015 yilda tumanning Katta Qashqar qishlog`ida yashovchi fuqaro M.O. nomiga tuzilgan …17-sonli dalolatnoma kiritilgan va menga nisbatan 1 340 500 (bir million uch yuz qirq ming besh yuz) so`m jarima hisoblangan ekan. Ushbu muammoni bartaraf etish yuzasidan tuman ETK va MIB tuman bo`limiga ariza bilan murojaat qildim, lekin murojaatim hal bo`lmayapti.
Sizdan mening abonent raqamimga noto`g`ri kiritilgan dalolatnomani va hisoblangan 1 340 500 so`m jarimani chiqarib tashlanishida amaliy yordam berishingizni so`rayman”
.

O`rganish

Isteʼmolchining murojaati tuman ETK, MIB va jamiyatimiz mutaxassislari ishtirokida O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi qonunlari asosida o`rganib chiqildi.
O`rganishlar davomida haqiqatan ham 31.01.2015 yilda tuman ETK xodimlari tomonidan Katta Qashqar qishlog`ida yashovchi M.O. nomiga “Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlik to`g`risida”gi …17-sonli dalolatnoma rasmiylashtirilganligi, uning asosida 1 340 500 so`m zarar hisoblanib, ushbu dalolatnoma ETK xodimi tomonidan yo`l qo`yilgan texnik xatolik tufayli D. Yu.ning abonent raqamiga kiritilganligi maʼlum bo`ldi.
Isteʼmolchi murojaatini o`rganish natijalari bo`yicha to`plangan barcha hujjatlar to`plami “Farg`ona HETK” АJga yuborildi.

So`ngso`z o`rnida

Isteʼmolchi bu kunga qadar ham mazkur noto`g`ri kiritilgan qarzdorlikni bartaraf qilish yuzasidan o`z eʼtirozlari bilan tuman ETKga murojaat qilgan bo`lsada, unga (masalan, 2018 yil 20 apreldagi javob xati) haqiqatan ham abonent raqamiga adashmovchilik tufayli noto`g`ri qarzdorlik hisoblanganligi, MIB tuman bo`limiga ushbu holat yuzasidan tushuntirish berilganligi haqida javob xati yuborish bilan cheklanilgan. Аmalda esa isteʼmolchiga hech qanday amaliy yordam ko`rsatilmagan.
Xo`sh, xizmat ko`rsatuvchi korxona tomonidan o`z xodimi yo`l qo`ygan xatolik bundan ikki yil oldin tan olingan ekan, nega bu ish oxiriga yetkazilmasdan qolib ketgan. Soha mutaxassislari qachon o`z xizmat vazifalariga sidqidildan yondoshadi? Qachongacha fuqarolar bu sohada sarson-sargardon bo`lishadi? Savollar ko`p. Javob esa…

Nargizaxon ShERАLIEVА
Uchko`prik tumani IHHQ jamiyati matbuot va axborot mutaxassisi

Отправить комментарий