Qaytimga tanga pul berilsa, xaridor uni yo`qotib qo`yishi mumkin emish!?

Qaytimga tanga pul berilsa, xaridor uni yo`qotib qo`yishi mumkin emish!?

Hayotimizda uchrab turadigan, unchalik ham eʼtiborimizni tortmaydigan, kichkinagina narsalar vaqti kelib katta afsuslarga sabab bo`lishi mumkin.

Har birimiz isteʼmolchi sifatida kundalik ehtiyojimiz uchun turli mahsulotlar xarid qilamiz yoki xizmatlardan foydalanamiz. Xaridimiz davomida bizga tegishli bo`lgan qaytim pullarimiz o`rniga turli mahsulotlar, yaʼni savdo do`konlari, metan quyish shahobchalari tomonidan saqich, gugurt, qand va boshqa mahsulotlar, dorixonalarda esa qaytim evaziga donalab kesib berilayotgan dori vositalariga duch kelamiz. Balki ushbu holat haqiqatdan e’tiborimizni tortmas yoki uning qiymati ko`pchilikni o`ylantirmas, lekin unutmaylik u bizni haqqimiz. Аynan shu masala bugungi kunda ko`plab munozaralarga sabab bo`lmoqda. Farg`ona viloyat hududiy birlashmasining savdo va xizmat ko`rsatish obʼektlarida oldi-sotdi amalga oshirilgach isteʼmolchilarga qaytim berilishi bilan bog`liq masalalarni o`rganib chiqish maqsadida jamoatchilik monitoringi va jamoatchilik fikrini o`rganish yo`li bilan tahliliy o`rganish ishlari o`tkazilmoqda.

Bu borada Bag`dod tumanida o`tkazilayotgan o`rganishlarda, aksariyat hollarda qaytim uchun mayda pul yetishmayotganligi yoki umuman yo`qligi to`g`risida fikrlar bildirilmoqda. O`rganishlar doirasida Bag`dod shaharchasida joylashgan xususiy dorixonalar, savdo shahobchalarida qaytim o`rniga qo`shimcha mahsulot berilayotganligi holatlari ham kuzatildi, Qirqvolida qishlog`ida faoliyat yuritayotgan «Shaffof» avtomobillarga metan quyish shahobchasi kassasida qaytim uchun tanga pullar bilan birgalikda bir uyum saqichlar qo`yib qo`yilganligiga guvoh bo`lindi. Bu yerda ijtimoiy so`rovnoma o`tkazish jarayonida isteʼmolchilarning aksariyati qaytim uchun tanga pul o`rniga saqich olayotganligi kuzatildi. Baʼzi isteʼmolchilar va shahobcha operatori bilan bu borada suhbatlashganimizda, ularning tanga pullarni cho`ntakdan tushib qolishi mumkinligi to`g`risidagi fikrlari bizni ajabalantirmasdan qolmadi.

Hozirda tuman jamiyati tomonidan yuqoridagi barcha holatlar bo`yicha tegishli tartibda maʼlumotnoma to`ldirilib, o`rganish ishlari yakuni bo`yicha mutasaddi tashkilotlarga takliflar tayyorlanmoqda.

Dilorom Mirzaeva

Bag`dod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий