Mutaxassislar aralashuvi bilan muammo yechim topdi

Mutaxassislar aralashuvi bilan muammo yechim topdi

Oltiariqlik S.Ortiqov (ism-familiyasi o`zgartirilgan) pishiqchilik mavsumidan unumli foydalangan holda shirindan-shakar meva-sabzavotlarimizdan salqin ichimliklar, konservalangan sok va boshqa mahsulotlar tayyorlab oila a’zolari hamrohligida iste’mol qilish uchun multivarka sotib olgan. Lekin oila aʼzolarining bu boradagi quvonchi uzoqqa cho`zilmagan.

S.Ortiqovning tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaatida bayon qilinishicha, u shu yilning iyul oyi boshida tuman markazida maishiy texnikalar sotish faoliyati bilan shug`ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkordan 870000 (sakkiz yuz yetmish ming) so`mga multivarka sotib oladi va xonadoniga keltirib foydalanishni boshlaydi. Lekin falon so`mlik multivarka bir-ikki kundayoq yaroqsiz holga keladi. U darhol nuqsonli tovarni savdo do`koniga olib kelib, sotuvchiga holatni tushuntiradi va multivarkani bepul taʼmirlab berilishini, aks holda puli qaytarilishini talab qiladi. Lekin sotuvchidan rad javobi oladi.

Masalaga tuman jamiyati mutaxassislarining aralashuvi bilan esa yuqoridagi muammoni qonuniy bartaraf etilishiga erishildi. Yaʼni sotuvchiga O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni tegishli moddalari bo`yicha tushuntirishlar berilgach, foydalanish jarayonida nuqsoni aniqlangan multivarka sotuvchi tomonidan qaytarib olinib, isteʼmolchiga pul mablag`i qaytarib berildi. Isteʼmolchi murojati ijobiy hal etilganligi uchun tuman jamiyati xodimlariga o`z minnatdorchiligini bildirdi.

 

Dilobar Dadaxonova

Oltiariq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий