Iste’molchi dorixona sotuvchisidan nega ranjidi?
Rishton tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Farg`ona ko`chasida istiqomat qiluvchi G. P. ning xususiy dorixonadan dori-darmon sotib olish jarayonida kelib chiqqan noroziligi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ishonch telefoniga qilgan murojaati o`rganildi.
Murojaatni o`rganish jarayonida o`tkazilgan suhbatdan maʼlum bo`lishicha, isteʼmolchi G. P. turmush o`rtog`i hamrohligida tuman ko`p tarmoqli poliklinkasining asab kasalliklari shifokori ko`rigiga borgan. Ko`rikdan so`ng shifokor yozib bergan retseptni olib, tuman markazidagi “Sayyora” dorixonasiga kirgan. Dorixona sotuvchisi А. Shokirov dori-darmonlarni retsept bo`yicha ajratib bo`lgach, jami 165000 (bir yuz oltmish besh ming) so`m bo`lishini aytgan. Shu o`rinda isteʼmolchi sotuvchiga: “Dorixonangizda dori-darmonlarning narxi qimmatroq ekan, hamyonimdagi pulim ham yetarli emasdi, mayli hozircha dorilarning yarmini olib turarman”, deydi. Qayta hisob-kitob o`tkazgan sotuvchi esa bu holda sotib olinishi kerak bo`lgan dori-darmonlar uchun 100000 (yuz ming) narx chiqarib beradi. Shu yerda isteʼmolchi va sotuvchi o`rtasida tortishuv kelib chiqadi. Shundan so`ng isteʼmolchi dori-darmonlarning narxi, sotuvchining muomalasi borasidagi o`zining eʼtirozlarini bildirib, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ishonch telefoniga qo`ngiroq qilgan hamda shu kuni boshqa dorixonadan retseptdagi dori-darmonlarni sotib olgan.
Murojaat bo`yicha “Sayyora” xususiy dorixonasi rahbari U. Raxmonov va sotuvchi xodimlar bilan birgalikda isteʼmolchiga berilgan retseptdagi dorilar narxlari ularning dorixonaga qilingan kirim hujjatlari bo`yicha solishtirib chiqildi. Solishtirish retseptdagi dorilarga amaldagi meʼyor va tartiblar asosida narx belgilanganligi hamda sotuvga chiqarilganligini ko`rsatdi. Shuning bilan birgalikda, o`sha kuni dorixona sotuvchisi А.Shokirov retseptda ko`rsatilgan dori vositalaridan birini narxini hisoblashda adashib ketishi natijasida bitta dori vositasining narxini noto`g`ri hisoblaganligi ham maʼlum bo`ldi. Dorixona sotuvchisi haqiqatan ham adashib ketganligini, kelgusida bunday xatolikka yo`l qo`ymasligini maʼlum qilib yozma tushuntirish berdi.
O`rganish ishlari jarayonida dorixona rahbari barcha sotuvchilar ishtirokida yig`ilish o`tkazib, oldi-sotdi jarayonlarida xatoliklarga yo`l qo`ymaslik, isteʼmolchilarga xushmuomala munosabatda bo`lish bo`yicha o`z ko`rsatma va ogohlantirishlarini berdi. Mazkur yig`ilish qarori bilan dorixona sotuvchisi А. Shokirovga mehnat qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda intizomiy jazo ham tayinlandi. А. Shokirov isteʼmolchi G. P. dan uzr so`radi. O`tkazilgan o`rganuv natijalari bo`yicha fuqaroga yozma ravishda javob xati taqdim qilindi.
Xusniddin Latipov
Rishton tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий