Kafolat muddati tugashiga bir oy qolganda-ya?!
Oltiariq tumani Oqbo‘yra mahalla fuqarolar yig‘inida yashab, xalq ta’limi tizimida mehnat faoliyati olib boruvchi, Federatsiya a’zosi Q.S. ning tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaatida muddatli to‘lov asosida sotib olingan muzlatgichdagi nuqsonlar masalasi ko‘tarilgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro 08.05.2018 yil kuni Oltiariq tuman markazida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkor M.M.dan qiymati 3393200 (uch million uch yuz to‘qson uch ming ikki yuz) so‘m bo‘lgan muzlatkichni haqini bir yil muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olgan. Muzlatgichga uch yillik kafolat muddati berilgan bo‘lib, kafolat muddati tugamasdan unda nuqsonlar kuzatilgan. Iste’molchi tadbirkorga muzlatkich ishlamay qolganligini ma’lum qilgan. Tadbirkor esa iste’molchiga o‘zingiz ko‘rib sotib olgansiz, bizda “sotilgan tovar qaytib olinmaydi”, qabilida muomala qilgan. Shundan so‘ng iste’molchi tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Murojaatni o‘rganish jarayonida sotuvchi bilan amaldagi qonun talablari asosida suhbatlashilib, tushuntirish va targ‘ibot ishlari o‘tkazildi. Suhbat jarayonida tadbirkor muzlatgichni 3 yillik kafolat muddati bilan sotilganligini, iste’molchi kafolat muddati tugamay turib, ya’ni joriy yilning aprel oyida muzlatgich ishlamay qolganligi haqida unga murojaat qilganligini tan oldi.
Shundan so‘ng jamiyat xodimlari tomonidan sotuvchiga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni tegishli normalari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Xususan, qonunning 15-moddasiga ko‘ra, tovarda kafolat muddatida topilgan nuqsonlarni sotuvchi iste’molchi tegishli talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida, ishlab chiqaruvchi esa, o‘n kun ichida bepul bartaraf etishi lozimligi, unga kelgusida iste’molchilar murojaatlari bilan ishlashda ana shu holatlarga jiddiy e’tibor qaratishi lozimligi, aks holda iste’molchining qonuniy talabi bajarilmay qolgan har bir kun uchun tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lashiga to‘g‘ri kelishi kabi holatlar atroflicha tushuntirildi. Murojaatni o‘rganish davomida servis markazi ustalari tomonidan muzlatgichda yuzaga kelgan nuqson bepul bartaraf etilishiga erishildi.
Dilobar Dadaxonova
Oltiariq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий