Qarzdorlikning asoslanmagan qismi to‘lanmaydigan bo‘ldi
Bag‘dod tumani Do‘stlik qishlog‘ida yashovchi N.Solievaning tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan og‘zaki murojaatida elektr energiyasi hisob-kitobidan norozilik bildirilgandi.
Murojaatda ko‘rsatilgan vajlar tuman elektr ta’minoti korxonasi mas’ul xodimi I.Qo‘chqorov ishtirokida o‘rganilganda quyidagilar ma’lum bo‘ldi:
Mazkur xonadon N.Solieva tomonidan 2021 yil boshlarida E.Bekbo‘latovdan sotib olingan. 2021 yilning iyun’ oyiga kelib xonadonning yangi egalaridan iste’mol qilingan elektr energiyasi to‘lovlaridan 1 703 779 so‘m qarzdorlik mavjudligi va mazkur qarzdorlikni bartaraf qilib qo‘yish so‘ralgan.
O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, E.Bekbo‘latov 2011 yilda Rossiya davlatiga ishlagani ketgach, mazkur xonadonda hech kim istiqomat qilmagan. U ketish oldidan tuman elektr ta’minoti korxonasiga bu haqda ariza ham berganligini da’vo qilgan bo‘lsada, negadir uning arizasi tuman ETKdan chiqmadi. 2021 yilgacha ham Rossiyada bo‘lib turgan E.Bekbo‘latov xonadonni, o‘sha yerdan turgan holda, N.Solievalarga ishonchnoma bilan sotgan. N.Solievalar ko‘chib kirganlaridan so‘ng, xonadonga yangi zamonaviy elektr hisoblagich ham o‘rnatilgan. Xo‘sh, unda qarzdorlik qaerdan kelib chiqqan?
Xonadonning sobiq egasi uzoq vaqt xorijda yurganligi (shuningdek xonadonda hech kim istiqomat qilmaganligi) sababli 10 yil davomida elektr energiyasi uchun to‘lovlar ham qilinmagan. Lekin orada elektr ta’minoti korxonasi tomonidan hududda o‘tkazilgan obxodlar vaqtida xonadonga ma’lum iste’mol summalari kiritib borilgan.
Fuqaro murojaatini o‘rganish jarayonida yuqoridagi holatlar to‘liq tahlil qilib chiqildi va iste’molchi N.Solieva tomonidan haqiqatda iste’mol qilingan elektr energiyasi to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik summasi 548 697 so‘mni tashkil qildi. Iste’molchi mazkur qarzdorlikni ixtiyoriy asoslarda bartaraf qildi.
Dilorom Mirzaeva
Bag‘dod tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий