Iste’molchi talabi qondirildi
Ish kuni oxirlab hamkasblar bilan bugungi bajarilgan ishlar yakuni, ertangi kun bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar rejasi haqida suhbatlashib o‘tirgandik. Xonaga ikki nafar ayol kirib, tumandagi oilaviy poliklinikalardan birida ishlashlarini, bir masalada yordamimiz kerakligini ming bir istihola bilan aytishdi.
— Bemalol opa, tortinmasdan murojaatingizni bayon qilavering, biz sizlarga yordam beradigan tashkilotmiz, — deya opaga dalda berdik.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘zini M. Yusuvalieva deb tanishtirgan ayol tumandagi kredit savdo do‘konlarining biridan iyun oyida Samsung rusumli qo‘l telefonini bir yil mobaynida to‘lab borish sharti bilan sotib olgan. Lekin ushbu qo‘l telefoni nosoz chiqqanligi bois u kredit savdo do‘koniga kelib, nosoz qo‘l telefoni o‘rniga, shu markadagi boshqa telefonga almashtirib berishlarini talab qilgan. Kredit do‘koni mas’ullari qo‘l telefonini tekshirib, haqiqatan ham nosoz ekanligini, bunday markali telefon hozir savdo do‘konida yo‘qligi, agar 3-4 kun kutsa yangisi kelganda almashtirib berishlarini aytadilar. Bunday og‘zaki shartga ko‘ngan iste’molchi oradan 5 kun o‘tib yana xabar oladi. Lekin savdo do‘koni mas’ullari bunday markali qo‘l telefoni hozirda savdo do‘konida yo‘qligini aytishadi. Bundan norozi bo‘lgan iste’molchi Uchko‘prik tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.
Ushbu murojaat yuzasidan savdo do‘koni mas’ullariga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari targ‘iboti o‘tkazilib, sotuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra Mi Note9 128 G rusumli qo‘l telefoniga almashtirib berilishiga erishildi.
Nargizaxon Sheralieva
Uchko‘prik tumani IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий