Qo`shma sessiya bo`lib o`tdi
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qo‘shma sessiyasida jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi viloyatdagi holat tanqidiy muhokama qilindi
Bugun viloyat hokimligi katta majlislar zalida Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qo‘shma sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatda qonunchilik holati va jinoyatchilikka qarshi kurash borasida 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2022 yilda ko‘riladigan chora-tadbirlar videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan sessiyaning asosiy kun tartibini tashkil etdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 2021 yil mobaynida viloyatda sodir etilgan jinoyatlar hamda jinoyatchilikni oldini olish borasida rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan tahliliy-tanqidiy nutq so‘zladi.
So‘nggi yillarda jinoyatchilikni oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida yaratilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlar, keng sharoitlarga qaramasdan, 2021 yil davomida viloyat hududida sodir etilgan jinoyatlar 2020 yilga nisbatan oshganini qayd etgan viloyat rahbari, o‘g‘irlik, firibgarlik, transport vositasini olib qochish hamda og‘ir tan jarohatlari yetkazish kabi jinoyatlar ko‘plab sodir etilganiga sessiya ishtirokchilari e’tiborini qaratdi.
Viloyatda sodir etilgan jinoyatlarning deyarli yarmi Farg‘ona va Qo‘qon shaharlariga to‘g‘ri kelayotgani ushbu shaharlar IIB rahbarlari hamda mahalla tizimi mutasaddilari tomonidan jamoatchilik bilan hamkorlikda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan aniq va maqsadli profilaktik tadbirlar tashkil etilmaganligi oqibatida kelib chiqqani qayd etildi. Shuningdek, Marg‘ilon va Quvasoy shaharlarida ham har yuz ming nafar fuqaroga sodir etilgan jinoyat soni viloyat ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgani ma’lum qilindi.
Joylarda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida ishlar to‘g‘ri tashkil etilmaganligi natijasida viloyatdagi jami 1055 ta mahallaning 991 tasida yoki 94 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgani keskin tanqid qilindi.
Voyaga yetmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida ham jinoyat sodir etish holatlari o‘sib borayotgani, 2021 yil davomida jinoyatda ishtirok etgan maktab o‘quvchilarining soni 700 nafardan ortgani viloyat rahbari tomonidan qattiq tanqid ostiga olindi.
Viloyat hokimining, ikkitadan ortiq jinoyat sodir etilgan maktablar direktorlarini, shuningdek jinoyat soni ko‘p qayd etilgan mahalla raislari hamda profilaktika inspektorlarini jinoyatchilikni oldini olish borasida yetarli ish tashkil qilmaganligi uchun vazifasidan olish mexanizmini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklifi deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Xayrullo Bozorov, bundan buyon jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha yangicha yondashuvda ish tashkil qilinishini, viloyatdagi jinoyatga moyilligi bor hamda nochor oilalarning har biriga viloyat, shahar va tuman darajasidagi rahbarlardan biri doimiy biriktirib qo‘yilishi, ular bu oilalarining moddiy ahvolini va ma’naviy muhitini yaxshilashga shaxsan javobgar bo‘lishini, ushbu oilalarda jinoyat sodir etiladigan bo‘lsa, biriktirilgan mas’ulga ham vazifasidan ozod qilishgacha bo‘lgan intizomiy chora qo‘llanilishini ma’lum qildi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Avaz O‘rinboev va viloyat hokimining o‘rinbosari Jamshid Muxtorov muqaddam sudlanganlar bilan birma bir ishlash, ularning doimiy bandligini hamda daromad manbasiga ega bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha mas’ul etib belgilandilar.
Kriminogen vaziyat bo‘yicha “qizil” toifaga kiritilgan 361 ta mahallada deputatlar ko‘chama ko‘cha aholi bilan uchrashib, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha muhokama o‘tkazishlari belgilab berildi.
Har oy jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bo‘yicha viloyat muhokama yig‘ilishi o‘tkazilishi, eng yaxshi natijalarga erishgan mahalla raislari, profilaktika inspektorlari hamda IIB vakillari rag‘batlantirilishi, salbiy ko‘rsatkichlar qayd etganlarga jazo choralalari qo‘llanilishiga kelishib olindi.
Sessiyada viloyat prokurori Baxtiyor Ismoilov hamda viloyat IIB boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaevning kun tartibidagi masala yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Muhokamalarda deputatlar viloyatda jinoyatchilikni kamaytirish hamda oldini olish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.
Sessiyada ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining tegishli qo‘shma qarori qabul qilindi.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati
Suratlarni Muqimjon Qodirov olgan
Отправить комментарий