Korxonada sanoat xavfsizligi masalalari bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Korxonada sanoat xavfsizligi masalalari bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Ma’lumki, 2006 yilning 28 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasining «Xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida sanoat xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilingan. «Farg‘onaazot» AJda o‘tkazilgan matbuot anjumani mazkur qonun talablarining korxonadagi ijrosi masalalariga bag‘ishlandi.

Qonunning 3-moddasiga ko‘ra, sanoat xavfsizligi shaxs va jamiyat hayotiy muhim manfaatlarining xavfli ishlab chiqarish ob’ektlaridagi avariyalar va noxush hodisalardan hamda ularning oqibatlaridan himoyalanganlik holatidir. Qonunning 4-moddasida xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari tasniflangan bo‘lib, shu moddada ko‘rsatib o‘tilgan talablarga mos keladigan korxona va ob’ektlar xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari sirasiga kiritiladi. «Farg‘onaazot» AJ shunday korxonalar jumlasidandir.

Shuning bilan birgalikda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarori bilan 23 moddadan iborat mazkur qonunni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar ham belgilangan (19.05.2020 y. 291-son).

Xo‘sh, korxonada yuqoridagi normativ hujjatlar talablari ijrosi qay darajada ta’minlanmoqda?

Anjumanda so‘z olgan aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Abdupatta Tulanovich Salijanov, iqtisodiyot va moliya bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari G‘ulomjon G‘ofirjonovich Soliev va boshqa mas’ullar tomonidan korxonada bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumotlar berib o‘tdilar.

Xususan, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarini soz holatda saqlash, ularni xavfsiz ekspluatasiya qilish, ularda mehnat faoliyati olib borayotgan ishchi va xodimlarning xavfsizligini ta’minlash, ishchi va xizmatchilarni texnika xavfsizligi qoidalariga, shuningdek turli avariyalar va baxtsiz hodisalar sodir bo‘lganda o‘zini tutish va o‘zgalarga yordam ko‘rsatish, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda bilim berish va ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan boshqa ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Bu borada tayyorlangan alohida rolikni ham namoyishi o‘tkazildi.

Matbuot anjumanining savol-javob qismida ommaviy axborot vositalari vakillarining kun tartibidagi masalalar va korxona faoliyatiga oid boshqa masalalar yuzasidan bergan savollariga korxona rahbar va mas’ul xodimlari tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Отправить комментарий