Nuqsonli chiqqan kompyuterning puli qaytarildi

Nuqsonli chiqqan kompyuterning puli qaytarildi

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Farg‘ona shahrida yashovchi S.B.ning xarid qilingan kompyuterda nuqson chiqqanligi va o‘z huquqlaridan foydalangan holda nuqsonli chiqqan tovar uchun to‘langan pulini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.

O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi orgtexnika vositasini Marg‘ilon shahridagi savdo do‘konlarining biridan 3 mln 300 ming so‘mga xarid qilgan. Lekin unda nuqsonlar mavjudligi ma’lum bo‘lgach, savdo do‘koni sotuvchisiga o‘z e’tirozlarini bildirgan va bir vaqtning o‘zida Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoniga murojaat yo‘llagan.

Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash, ya’ni ushbu holatda nuqsonli tovar uchun to‘langan pulni qaytarilishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan olib borilgan o‘rganish va qonun targ‘iboti ishlari natijasida tovar sotuvchiga va uning uchun to‘langan pulni esa iste’molchiga qaytarilishiga erishildi.

Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий