Olingan kreditni muddatidan oldin so‘ndirgan iste’molchiga foydalanilmagan sug‘urta mukofoti pullarini olishida yordam ko‘rsatildi
Toshloq tuman Qamchifurush mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi S. A.ning tijorat bankidan olingan kreditni muddatidan oldin yopganligi sababli sug‘urta kompaniyasi tomonidan unga qaytarilishi lozim bo‘lgan summani olishida muammolarga duch kelayotganligi masalasidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi o‘z murojaatida “Qishloq qurilish bank” Marg‘ilon filialidan to‘rt yil muddatga olgan kreditiga garov ta’minoti sifatida o‘ziga tegishli bo‘lgan “Neksiya-3” rusumli avtomobilni taqdim qilganligi, tartib-qoidalarga ko‘ra, avtomobil sug‘urta qilinganligi, sug‘urta shartnomasida agar kredit muddatidan oldin so‘ndiriladigan bo‘lsa, sug‘urta kompaniyasi tomonidan unga muayyan miqdordagi pul summasi qaytarilishi lozimligi, lekin kreditni muddatidan oldin so‘ndirib, sug‘urta kompaniyasi mas’ullariga bu borada qilgan murojaati ijobiy yechim tompayotganligini ma’lum qilib, ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.
Murojaat Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan sug‘urta kompaniyasi mas’ullari hamkorligida o‘rganilishi jarayonida haqiqatda «Kafolat sug‘urta kompaniyasi» AJ va iste’molchi o‘rtasida «Garovga qo‘yilayotgan avtotransport vositalarini sug‘urta qilish» shartnomasi tuzilganligi va iste’molchining foydalanilmagan sug‘urta mukofotini qaytarilishi bo‘yicha talablari to‘g‘riligi isbotini topdi. O‘rganish yakunlari bilan iste’molchi bank plastik kartasiga 300 ming so‘m miqdorida foydalanilmay qolgan sug‘urta mukofoti summasini o‘tkazib berilishiga erishildi.
Shohistaxon Rahimova
Toshloq tuman jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий