Shartnoma bekor qilinib, to‘langan pul summasi qaytarib olindi
Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanida yashovchi A.Rayimjonov O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining respublika bo‘yicha yagona 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga xarid qilgan muzlatgichi nuqsonli chiqqanligi masalasida murojaat qilgan.
Iste’molchi murojaatini tegishliligi bo‘yicha Yozyovon tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida, «Samsung» rusumli muzlatgich tuman hududida faoliyat olib borayotgan “Imkon” savdo markazidan joriy yilning 8 yanvar kunida 7 mln 716 ming so‘mga xarid qilinganligi, xonadonda foydalanish davrida unda nuqson kuzatilgach, savdo markazi mas’ullariga murojaat qilganligi, lekin ular tomonidan servis markaziga murojaat qilish tushuntirilganligi, lekin shu kunga qadar iste’molchining kafolat davrida bepul ta’mirlash ishlarini amalga oshirish yoki nuqsonli tvoar uchun to‘langan pulni qaytarish to‘g‘risidagi talablari bajarilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, iste’molchi sotuvchiga nuqsonli tovarni almashtirish, kafolat muddati davrida bepul ta’mirlatish, shartnomani bekor qilib ko‘rilgan zararni qoplatish va boshqa shu kabi talablarini qo‘ya oladi. Sotuvchi esa iste’molchining qonuniy talablarini qanoatlantirilishi choralarini ko‘rishi lozim.
Iste’molchi murojaatini o‘rganilishi jarayonida taraflarga iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari, jumladan mazkur talablarni bajarmaslik natijasida kelib chiquvchi moliyaviy sanksiyalar (penya (neustoyka) va b.), iste’molchi huquqini sud tartibida himoya qilinganda nafaqat moddiy zarar, shuning bilan birgalikda ma’naviy zararlarni undirilishi kabi holatlar tushuntirildi.
O‘rganish yakunlari bilan esa, savdo markazi tomonidan iste’molchiga 7 mln 716 ming so‘m pul qaytarildi.
Rahmatillo Shodmonov
Yozyovon tuman jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий