Iste’molchining qonuniy talablari ijrosi ta’minlandi
Marg‘ilon shahar iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatida Qo‘shtepa tumani «Ovulboshi» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi A. T. ning nuqsonli mobil qurilmani sotuvchiga qaytargani, lekin sotuvchi tomonidan pulini qaytarib berish paysalga solib kelinayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u shahardagi «Oygul» savdo majmuasidan 1 300 000 so‘mga uyali telefon apparati xarid qiladi, lekin undan foydalanish jarayonida nosozliklar yuzaga kelavergach, savdo majmuasiga qaytarib olib kelib uni sotuvchiga qaytarib beradi. Nuqsonli deb e’tiroz bildirilgan tovarni qaytarib olgan sotuvchi iste’molchiga pulini ertasiga qaytarishga va’da beradi. Biroq va’da va’daligicha qolib, pulni qaytarish paysalga solib kelinadi. Shundan so‘ng iste’molchi bu borada amaliy ko‘rsatilishini yordam so‘rab shahar jamiyatiga murojaat qiladi.
Murojaatni tegishli tartibda o‘rganish ishlari davomida savdo majmuasida telefon apparatlari savdosini amalga oshirib kelayotgan sotuvchi bilan uchrashilib, unga amaldagi qonunchilikka ko‘ra iste’molchining huquqlari va sotuvchining bu boradagi majburiyatlari tushuntirildi. Shuningdek, unga realizasiya qilayotgan tovarlari bo‘yicha oldinroq ham iste’molchilardan e’tirozli murojaatlar bo‘lganligi, shahar jamiyati aralashuvi bilan ushbu masalalar hal qilib berilganligi eslatib o‘tilib, amaldagi qonunchilik talablarini nazar pisand qilmaslikning salbiy oqibatlari bo‘yicha ham ogohlantirishlar berib o‘tildi. O‘rganilayotgan murojaat bo‘yicha esa, iste’molchining 1 300 000 so‘m puli unga qaytarilib, uning qonuniy talablari ijrosi ta’minlandi.
Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий