Qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
Hududiy birlashma tashabbusi bilan Farg‘ona viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida «2022 yil va 2023 yilning o‘tgan 6 oyi davomida viloyat hududida qurib foydalanishga topshirilgan (qurilayotgan) bino (uy-joy, ijtimoiy soha ob’ektlari va b.)larda qurilish normalari va talablariga amal qilinmoqdami?» mavzusidagi jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assosiasiyasi Farg‘ona viloyat bo‘linmasi hamkorligida o‘tkazilib, unda viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, Federatsiya xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdilar.
Ma’lumki, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisining 2023 yil 8 iyun kunidagi buyrug‘i bilan amaldagi qonunlar va qonunosti me’yoriy hujjatlari talablari asosida joylarda Jamoatchilik eshituvlarini tashkillab borish vazifasi yuklatilgan bo‘lib, mazkur eshituv ham ushbu buyruq ijrosini ta’minlash maqsadida tashkillandi.
Hududiy birlashma eshituvni o‘tkazish tartib qoidalaridan kelib chiqib, viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi oldiga quyidagi yo‘nalishlarda jamoatchilikka axborot berilishi so‘raldi:
— 2022 yil va 2023 yilning o‘tgan 6 oyi davomida viloyat hududida qurib foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli aholi yashash xonadonlari bo‘yicha statistik ma’lumotlar;
— yuqoridagi xonadonlarni qurish ishlarida ishtirok etgan qurilish kompaniyalarining amaldagi qurilish normalari bo‘yicha qonunlar va qoidalar talablariga javob berishi yuzasidan ma’lumotlar (ularni boshqarma tomonidan ish ustida o‘rganish natijalari);
— yuqoridagi davrda qurilayotgan (qurib bitkazilgan) binolarni sifat va texnik reglamentlar talablariga mosligi, qurilish materiallari va qurilish sohasidagi buyumlarning sertifikatlanganligi, ularni turli tabiiy ofatlar (zilzilabardoshlik va boshqa tabiiy ofatlarga chidamliligini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar;
— qurilish kompaniyalari va iste’molchilar o‘rtasida tuzilayotgan shartnomalarni boshqarma tomonidan ekspertizadan o‘tkazib borilganmi? Ularda iste’molchilarning huquqlarini cheklovchi holatlar, shartnomalarga qonunlar bilan iste’molchilarga ko‘zda tutilgan huquq va imtiyozlarni kiritmaslik holatlarini mavjudligi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra mazkur shartnomalarni davlat tilida tuzilishini ta’minlanganligi;
— yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan davrda qurilgan binolar (bu yerda aholi yashashi uchun ko‘p qavatli binolar, ijtimoiy soha ob’ektlari va boshqalar)da nogironlarni mazkur ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari (uy-joy, jamoat, ishlab chiqarish binolari va inshootlari, dam olish joylari, madaniy-ko‘ngilochar ob’ektlar va boshqalar)dan moneliksiz foydalanishi uchun yaratilgan sharoitlarni nazoratini olib borish borasida amalga oshirilayotgan ishlar;
— shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlik talablariga, shuningdek sanitariya normalari va qoidalariga rioya etilganligini o‘rganib borilishi.
Boshqarma mutasaddilari tomonidan kun tartibidagi masalalar yuzasidan keng qamrovli axborotlar berib o‘tilgach, tadbir ishtirokchilarining bu boradagi fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi, shuningdek ularni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra, qurilish sohasida olib borilayotgan ishlarni aholining keng qatlamlariga yetkazish, ularning xabardorligini oshirish hamda bu boradagi huquq va manfaatlari himoya qilinishiga erishish, sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida hududdagi davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida keng qamrovli hamkorlik va ijtimoiy sheriklik aloqalarini olib borishga kelishib olindi.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Suratlar O‘zA muxbiri Muqimjon Qodirov tomonidan olingan.
Отправить комментарий