Elektron tijorat vositasida xarid qilingan televizorda nuqson chiqdi

Elektron tijorat vositasida xarid qilingan televizorda nuqson chiqdi

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Nurli oy ko‘chasida yashovchi fuqaro M.Sh.ning xarid qilingan televizorni sifati talab darajasida chiqmaganligi, sotuvchiga qaytarishda amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.

Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u elektron dastur vositasida TCL 43 P635 rusumli smart televizorni 3 675 000 so‘mga sotib olgan. Lekin uni ishlatib ko‘rishi jarayonida tasvirlarni xira ko‘rsatishidan, tasvirlarning sifati internet vositasida va kabel antenna vositasida ko‘rilganda bir-biridan farqlanishi kabi holatlardan norozi bo‘lib sotuvchiga qilgan murojaati bo‘yicha natijaga erisholmagach, ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab shahar jamiyatiga murojaat qilgan.

Shahar jamiyati mutaxassislari holatga oydinlik kiritish maqsadida sotuvchi bilan bog‘langanlarida, ular tomonidan dastlab, qaytarilgan tovar bo‘yicha diagnostika markazining xulosasi olinishi, unga asosan agar tovarga iste’molchi tomonidan zarar yetkazilmaganligi ma’lum bo‘lsa, shundan so‘ngina pul mablag‘i qaytarilishi ma’lum qilindi. Jamiyat mutaxassislari tomonidan «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun, xususan qonunning 28 prim 1-moddasi talablari bo‘yicha olib borilgan qo‘shimcha tushuntirishlardan so‘ng esa iste’molchining 3 675 000 so‘m puli elektron dastur vositasida to‘lig‘icha o‘ziga qaytarilishiga erishildi.

Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati mutaxassisi.

Отправить комментарий