Ta’mirtalab tillo buyum boshqasiga almashtirildi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning Quvasoy ko‘chasida istiqomat qiluvchi X.F.ning xarid qilingan tillo uzukda nuqson yuzaga kelgach, uni sotuvchiga topshirilgani, lekin uni ta’mirlab qaytarib topshirish ishlari paysalga solib kelinayotganligi holati yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida shahardagi «Asl zar» savdo do‘konidan shartnoma qiymati 10 510 000 so‘m bo‘lgan tillo uzukni qiymatini 1 yil davomida bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilinganini, shartnoma bo‘yicha to‘lovlar 8 oy davomida muddatidan oldin to‘liq so‘ndirilganini, bu vaqtga kelib tillo buyumdagi qimmatboho tosh tushib qolganligi sababli unga boshqa ko‘z qo‘ydirish uchun sotuvchiga topshirilganini, lekin bu ishlar cho‘zilib ketganligini bayon qiladi. Farg‘ona shahar jamiyati tomonidan ushbu masalada sotuvchiga kiritilgan so‘rov xatiga javobda, tillo uzuk ta’mirtalab holga kelib qolganligi (uni «Aleksandriya» nomli ko‘zi tushib qolganligi) uchun servis markaziga topshirilgani, lekin unga zarur xom-ashyo ta’minotchi tomonidan yetib kelmaganligi sababli ishlar cho‘zilib ketgani va bu haqda iste’molchiga tushuntirish berilgani ma’lum qilindi.
O‘rganish ishlari doirasida tomonlarga amaldagi qonunchilik targ‘ibotini olib borilishi hamda sotuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, tillo buyum xuddi shu rusum va fasondagi boshqasiga almashtirib berilib, iste’molchi talabi qanoatlantirilishiga erishildi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati mutaxassisi.
(illustrativ foto)
Отправить комментарий