Bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilingan kondisioner nuqsonli chiqdi
Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Qo‘chqorchi» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Q.R.ning Farg‘ona shahridagi do‘konlardan biridan 3 900 000 so‘mga xarid qilingan kondisioner nuqsonli chiqqanligi sababli uni sotuvchiga qaytarib, pulini qaytarib olishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchiga ko‘ra, u «Artel» rusumli kondisionerni narxini bo‘lib to‘lash shartlarida, tovar shartnoma qiymatining 30 foizini, ya’ni 1 170 000 so‘mini oldindan to‘lash yo‘li bilan, joriy yilning 5 iyun kunida xarid qilib, xonadonda 3 kun davomida foydalanilishini jarayonidayoq nuqson aniqlangan. Sotuvchiga tovarni qaytarish masalasida murojaat qilib, ijobiy natijaga erisha olmagan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra iste’molchi, o‘ziga nuqsonli tovar sotilganda, kafolat yoki yaroqlilik muddati mobaynida, kafolat yoki yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha esa olti oy mobaynida, tovarni sotuvchiga qaytarilishi talabini qo‘yishi mumkin bo‘lib, sotuvchi bunday holatlarda qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda tegishli chora-tadbirlarni ko‘rishi lozim bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda, shahar jamiyati mutaxassislarining sotuvchiga qonunning tegishli normalari bo‘yicha olib borgan tushuntirishlari bu safar ham besamar ketmadi. Nuqsoni mavjudligi da’vo qilingan kondisioner sotuvchiga, oldi-sotdi jarayonida amalga oshirilgan dastlabki to‘lov summasi esa iste’molchiga qaytarilishiga erishildi.
Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.
(illyustrativo foto)
Отправить комментарий