Iste’molchidagi qarzdorlik dasturiy ta’minot tizimi o‘zgarishi jarayonida yuzaga kelgani va uning asossizligi ma’lum bo‘ldi
Farg‘ona tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Xonqiz» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi A.B.ning elektr ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligi va ushbu holatni o‘rganib chiqib, masalaga oydinlik kiritib berilishi yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi murojaatida elektr ta’minoti korxonasi bazasidagi shaxsiy hisob raqamida 223 516 so‘m qarzdorlik vujudga kelgani, ushbu qarzdorlikning asossizligi vajini keltiradi. Tuman jamiyati tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida ushbu masala yuzasidan tuman elektr ta’minoti korxonasiga so‘rov xati bilan murojaat qilinganda, istemolchi tomonidan keltirilgan vajlarning asosli ekanligi ma’lum bo‘ldi. So‘rov xatiga olingan javobda ma’lum qilinishicha, joriy yilning avgust elektr ta’minoti korxonalari tizimida PK elektr hisob dasturidan «HET BILLING» dasturiy majmuasiga o‘tish paytida iste’molchilarning arxiv ma’lumotlarini eski tizimdan yangi tizimga ko‘chirish jarayonida ayrim iste’molchilar shaxsiy hisob raqamlarida noaniqliklar kelib chiqqan. Iste’molchi A.B.ning shaxsiy hisob raqamida ham xuddi shunday holat kuzatilgan. Iste’molchi shaxsiy hisob raqami ma’lumotlarini o‘rganib chiqilishi esa unda qarzdorlik mavjud bo‘lmagani, aksincha o‘sha vaqt, ya’ni 01.08.2024 yil holatiga 6456 so‘m, hozirgi kun holatiga esa 29 622 so‘m miqdorida oldindan to‘lov summasi mavjudligini ko‘rsatgan.
O‘rganish ishlari yakuni bilan iste’molchiga uning shaxsiy hisob raqamida qarzdorlik mavjud emasligi, aksincha elektr energiyasi uchun to‘lovlaridan haqdorligi mavjudligi yuzasidan javob xati yuborildi.
Abror Isaqov,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий