Yana bir iste’molchining qonuniy huquqlari sudda himoya qilindi
Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan shaharning A.Navoiy ko‘chasida yashovchi T.O.ning shartnoma asosida avtolizing kompaniyasiga avtomobil yetkazib berilishi uchun 46 317 000 so‘m oldindan to‘lovni to‘laganligi, lekin avtomobil vaqtida yetkazib berilmagani uchun shartnomani bekor qilib to‘langan pullarni qaytarilishi bo‘yicha talablari bajarilmay kelayotganligi xususidagi murojaati o‘rganilib, o‘rganish yakunlari bo‘yicha, iste’molchi manfaatlarini ko‘zlab, tegishli tartibda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudiga kiritilgan da’vo arizasi ko‘rib chiqilib, sudning hal qiluv qarori chiqarildi.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi 10.08.2023 yil kunida «UMID AVTO KOMPANIES» MChJ bilan tuzilgan shartnoma asosida 120 ish kuni mobaynida «COBALT» avtomashinasi yetkazib berilishi uchun 46 317 000 so‘m oldindan to‘lovni amalga oshirgan. Shartnomada belgilangan muddat o‘tgach ham avtomobil yetkazib berilavermagach, tegishli tartibda shartnomani bekor qilish va to‘lagan pullarini qaytarilishini so‘rab kompaniyaga ariza bilan murojaat qilgan. Murojaatga kompaniya tomonidan berilgan javob xatida pul mablag‘i 2024 yilning 10 iyuliga qadar qaytarib berilishi va’da qilingan bo‘lsada, ushbu muddat o‘tgandan so‘ng ham pullarni qaytarish chora-tadbirlari ko‘rilavermagach, iste’molchi ushbu masalani qonuniy hal qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyatiga murojaat qilgan.
Ishni ko‘rish yakunlariga ko‘ra, sud javobgardan da’vogar T.O. foydasiga 46 317 000 so‘m moddiy zarar va pochta harajatlari undirilishi, da’voning ma’naviy zarar to‘lab berilishiga taalluqli qismini esa qanoatlantirish rad etilishi bo‘yicha hal qiluv qarori chiqardi.
Usmonjon Ruziyev,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий