“Men — moliyaviy savodxonman” bir bosqichli ko‘rik-tanlovi yakuniga yetdi

“Men — moliyaviy savodxonman” bir bosqichli ko‘rik-tanlovi yakuniga yetdi

Bu haqda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasisi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tomonidan Farg‘ona shahridagi «NNTlar uyi»da o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan hududiy birlashmaning “Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar moliyaviy savodxon bo‘lmog‘i zarur” nomli loyihasiga davlat granti ajratilgan bo‘lib, uning doirasida bir qator ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan, loyihani samarali amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Farg‘ona viloyat bosh boshqarmasi bilan imzolangan memorandum, loyiha bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yoritib borish maqsadida Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda imzolangan media-reja, hududiy birlashma saytini zamon talablariga mos ravishda modernizasiya qilish, “Moliyaviy savodxonlik – davr talabi” plakati loyihasini ishlab chiqish va bosmadan chiqarish, “Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar moliyaviy savodxon bo‘lmog‘i zarur” shiori ostida viloyat hududidagi 10 ta oliygohlarda o‘tkaziladigan seminar-treninglar shular jumlasidandir.

Loyiha bo‘yicha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlardan yana biri yoshlar o‘rtasida “Men moliyaviy savodxonman” bir bosqichli ko‘rik-tanlovini o‘tkazish bo‘lib, ko‘rik-tanlovni 2024 yilning sentyabr oyida televidenie va radio, hududiy birlashma va hamkor tashkilotlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali e’lonini berish, 1 oktyabridan 30 noyabrga qadar tanlovga materiallarni qabul qilib olish, dekabr oyi birinchi dekadasida Hakamlar hay’ati tomonidan baholash ishlari uning Nizomi talablari asosida bosqichma-bosqich o‘tkazib borildi. Bularga qo‘shimcha viloyat hududidagi oliy ta’lim dargohlarida o‘tkazilayotgan seminar-treninglarda ko‘rik-tanlov va unda ishtirok etish tartiblari to‘g‘risida tushuntirishlar berib borildi.

Tanlovga belgilangan muddat ichida 8 nafar ishtirokchi (jamoa)dan 15 ta material (davomiyligi 1 minutgacha bo‘lgan shorts, riilzlar) kelib tushib, ishtirokchilarning 62,5 foizini erkaklar, 37,5 foizini ayollar tashkil qilgan bo‘lsa, kelib tushgan materiallarning 5 tasi yoki 33 foizi ayol ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan. Ishtirokchilarning 1 tasi maktab o‘quvchisi, 3 tasi talaba va 4 tasi xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat faoliyati olib borayotgan yoshlardan iborat bo‘ldi.

Tanlov tashkilotchisi – hududiy birlashmaning 05.11.2024 yil kunida o‘tkazilgan navbatdagi Kengash yig‘ilishida 7 nafardan iborat tarkibda tasdiqlangan, tanlov tashkilotchisining 1 nafar, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasining 1 nafar, O‘zNNTMA viloyat hududiy bo‘linmasining 2 nafar, “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘linmasidan 1 nafar, 1 nafar jurnalist va 1 nafar blogerdan iborat Hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan kelib tushgan materiallarni baholash natijalariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlab olinib, 1-o‘rin va 7 000 000 so‘m pul mukofotiga O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti talabasi Zuxra Karshieva, 2-o‘rin va 5 000 000 so‘m pul mukofotiga O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Imron Xasanov, 3-o‘rin va 3 million so‘m pul mukofotiga esa Central Asian medical university talabasi Baxodirjon Davronovlar tomonidan yuborilgan videroliklar loyiq deb e’tirof etildi. Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyat bo‘limi jamoasi vakili Maxmudjon Olimov esa tanlovning rag‘batlantiruvchi nominasiyasi g‘olibi deb e’tirof etildi va Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasining esdalik sovg‘asi bilan taqdirlanishi belgilandi.

Yuqoridagilarga asosan 2024 yilning 17 dekabr kunida Farg‘ona shahridagi “NNTlar uyi”da o‘tkazilgan taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlarga mukofotlar hamda hududiy birlashmaning “Faxriy yorliq” va “Tashakkurnoma”lari topshirildi.

Hozirgi kunda “Kelajagimiz bo‘lgan yoshlar moliyaviy savodxon bo‘lmog‘i zarur” grant loyihasi doirasida ko‘zda tutilgan tadbirlar tizimli asosda davom ettirilmoqda.

Отправить комментарий