Farg‘ona soliq texnikumida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi tashabbusi bilan Farg‘ona soliq texnikumida “15-mart – Butunjahon iste’molchilar huquqlari kuni” mazusida seminar bo‘lib o‘tdi. Texnikum talaba va o‘qituvchilari ishtirokida tashkillangan mazkur tadbirda, Raqobat boshqarmasi mas’ul xodimlaridan tashqari, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasiga daxldor tashkilotlar mas’ullari, xususan Texnik jihatdan tartibga solish agentligi viloyat boshqarmasi hamda hududiy birlashma mas’ul xodimlari ham ishtirok etib, tadbir mavzusiga oid masalalardagi fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Ta’kidlandiki, har yili 15 mart kuni xalqaro jamoatchilik «Butunjahon iste’molchilar huquqlari kuni»ni xalqaro iste’molchilar harakati kuni sifatida nishonlaydi. Ushbu kunni nishonlash AQSh Prezidenti Jon Kennedining 1962 yil 15 martdagi AQSh Kongressidagi nutqidan so‘ng tarixga kirgan. U birinchi marta «iste’molchi» tushunchasini tavsifladi va iste’molchilarning 4 ta asosiy huquqlarini ajratib berdi, ya’ni xavfsizlik huquqi, ma’lumot olish huquqi, tanlash huquqi va eshitilgan bo‘lish huquqi. Keyinchalik bularga Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International) tomonidan 4 ta huquq qo‘shilib, iste’molchilarning sakkizta asosiy huquqlari tan olindi:
asosiy ehtiyojlarni qondirish huquqi;
xavfsizlikka bo‘lgan huquq;
axborot olish huquqi;
tanlash huquqi;
iste’molchilar manfaatlarini ifoda etish huquqi;
yetkazilgan ararlarni qoplatish huquqi;
iste’molchilik ta’limini olish huquqi;
sog‘lom atrof-muhitga bo‘lgan huquq.
Butunjahon iste’molchilar huquqlari kuni birinchi marta 1983 yil 15 martda nishonlandi. 2 yildan so‘ng – 1985 yil 9 aprelda BMT Bosh Assambleyasi iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar qabul qildi (BMT Bosh Assambleyasining 39/248-sonli qarori).
Ushbu tamoyillarning qabul qilinishi bilan iste’molchilar huquqlari xalqaro miqyosda tan olinib, qonuniylik maqomiga ega bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatmalar iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish sohasidagi siyosatni belgilash va qonunchilikni ishlab chiqishda hukumatlar uchun dasturilamal vazifasini o‘taydi. BMTning ushbu rezolyusiyasini qabul qilinishi ushbu sohada xalqaro hamkorlikni keng rivojlantirishga imkon berdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan, shuningdek, mamlakatimizda bu borada alohida qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinganligi, ularni hayotga joriy qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, iste’molchi huquqi himoyasining davlat tomonidan kafolatlanishi, iste’molchilik ijtimoiy harakatining shakllanishi, bugungi kunda sohaga daxldor idoralarga iste’mol sohasiga oid kelib tushayotgan murojaatlar, ularni o‘rganib chiqilishi natijalari bo‘yicha atroflicha tushuntirish va ma’lumotlarni ham berib o‘tdilar.
Tadbir doirasida ishtirokchilarning sohaga oid fikr-mulohaza hamda takliflari tinglanib, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar qaytarildi. Tadbir yakunlariga ko‘ra, ta’lim maskani jamoasi hamda tegishli idoralar o‘rtasida iste’molchilar huquq va manfaatlarini himoya qilish ishida o‘zaro hamkorlik qilish, shuningdek yuqorida nomi zikr etilgan xalqaro sanani keng nishonlash ishiga texnikumning har bir talabasi o‘z hissasini qo‘shishiga kelishib olindi.
Отправить комментарий