To‘lovlarni amalga oshirishda hushyorlikni yo‘qotmang

To‘lovlarni amalga oshirishda hushyorlikni yo‘qotmang

Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Isfayramsoy» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro J.I.ning ichimlik suvi uchun amalga oshirgan to‘lovlari korxona komp’yuter bazasiga tushmaganligi holati yuzasidan Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.

Fuqaro murojaatida iste’mol qilingan ichimlik suvi uchun 200 000 so‘m to‘lovni 2024 yil boshida korxonaning Q. ismli (hozirda sobiq) xodimiga to‘laganligini, lekin keyinchalik ushbu summa korxona komp’yuter bazasiga qayd qilinmaganini bilganini, muammoni o‘z kuchi bilan bartaraf qila olmayotganligini ma’lum qilib, ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘raydi.

Shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan mazkur holat yuzasidan «Farg‘ona suv ta’minoti» AJ Quvasoy shahar filialiga so‘rov xati kiritildi. So‘rov xatiga olingan javobdan ma’lum bo‘lishicha, fuqaro tomonidan amalga oshirilgan 200 000 so‘m to‘lov summasi korxonada ishlab ketgan sobiq xodim tomonidan qoplanib, uning shaxsiy hisob raqamiga kiritilganligi ma’lum qilingan.

Shu o‘rinda, iste’molchilardan kelgusida shu kabi muammo va tushunmovchiliklarga duch kelmaslik uchun kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni ana shu maqsadlar uchun tashkil qilingan bank, pochta-aloqa va boshqa maxsus kassalar orqali, shuningdek to‘lovlarni onlayn amalga oshirish imkonini beruvchi dasturlar orqali to‘lashni tavsiya qilib qolamiz.

Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.

Отправить комментарий