Aholi (iste’molchilar)dan kelib tushayotgan murojaatlar va ularni o‘rganib chiqilishi natijalari yuzasidan brifing o‘tkazildi
Farg‘ona shahridagi «NNTlar uyi»da O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tomonidan viloyat hokimi va AOKA direktori tomonidan tasdiqlangan media tadbirlar rejasi asosida «Hududiy birlashma va tuman (shahar) iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga aholi (iste’molchilar)dan kelib tushayotgan murojaatlar va ularni o‘rganib chiqilishi natijalari» mavzusida brifing o‘tkazildi.
Unda ta’kidlandiki, hududiy birlashma va uning tizimidagi tuman (shahar) jamiyatlari tomonidan 2025-yil yanvar-may oylari davomida O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlari asosida fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, tahlil qilish va tegishli organlarga taqdim etish, shuningdek ommaviy axborot vositalarida yoritish ishlari tizimli asosda davom ettirildi.
Yanvar-may oylari davomida tizim tashkilotlariga iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlarning jami soni 351 tani tashkil qilib, shularning 337 tasi yoki 96 foizi ijobiy hal etilishi natijasida iste’molchilar foydasiga 720 mln 882 ming 037 so‘m mablag‘larni qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi.
Shundan, davlat boshqaruvi organlari va Federatsiyaning markaziy apparati orqali kelib tushgan murojaatlar soni 93 tani tashkil etdi. Ularning katta qismi — 36 tasi savdo sohasiga, qolganlari esa gaz, elektr, suv ta’minoti, kommunal xizmatlar, servis, transport, aloqa va boshqa yo‘nalishlarga taalluqlidir. Ushbu murojaatlarning 95 foizdan ortig‘i, ya’ni 79 tasi ijobiy hal etilib, iste’molchilar foydasiga 82 million 970 ming so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi. 4 ta murojaat bo‘yicha esa hozirda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelib tushgan murojaatlar soni 258 tani tashkil etdi. Ularning 163 tasi yozma, 95 tasi og‘zaki shaklda bo‘lgan.
Bu murojaatlar orasida savdo, gaz va elektr ta’minoti, kommunal xizmatlar, sog‘liqni saqlash, transport va boshqa sohalar bilan bog‘liq masalalar mavjud. Ushbu murojaatlarning 248 tasi hal etilib, jami 590 million so‘mdan ortiq mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan. Bundan tashqari, 4 ta murojaat sud orqali hal etilib, natijada 47 million 891 ming so‘m moddiy va ma’naviy zararlar iste’molchilarga undirib berildi. 10 ta murojaat bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
“Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari ham o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida ushbu maslahatxonalar orqali 213 nafar fuqaroga bepul huquqiy maslahatlar berildi. Ularning asosiy qismi savdo, gaz, elektr, suv va kommunal xizmatlarga tegishli bo‘lib, 204 nafar fuqaroga bevosita qonuniy tushuntirishlar berildi, 9 ta holatda esa tegishli nazorat organlariga yo‘naltirildi.
Shu bilan birga, aholining huquqiy bilim va iste’mol madaniyatini oshirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham tizimli ravishda olib borilmoqda.
Отправить комментарий