Brifing || Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati tomonidan olib borilayotgan ishlar

Brifing || Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati tomonidan olib borilayotgan ishlar

Farg‘ona shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati o‘z faoliyatini Federatsiya Ustavi, yuqori turuvchi tashkilotlarning topshiriqlari hamda shaxar jamiyatining 2025 yil asosiy faoliyat yo‘nalishlari rejasi, shuningdek hamkor tashkilotlar bilan birgalikda imzolangan Memorandumlar, dasturlar va chora-tadbirlar rejalari asosida amalga oshirib kelmoqda.
Faoliyatimizni samarali amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi va sohaga oid boshqa qonunlar hamda qonunosti hujjatlari dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Asosiy faoliyat yo‘nalishlarimizdan biri iste’molchilarning huquqiy bilimi va iste’mol madaniyatini oshirish ekan, bu birinchi navbatda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini, shuningdek sohaga oid qonunchilik asoslarini aholining keng qatlamlari ongi shuuriga yetkazishdan iboratdir. Ushbu maqsadlarda o‘tgan 2024 yil va joriy yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida 173 ta yozma va og‘zaki targ‘ibot shaklidagi tadbirlarni tashkilladik. Bu esa aholining keng qatlamlariga iste’mol sohasiga oid huquqlari buzilganda o‘z huquqlarini mustaqil, davlat va sud idoralari yordamida, shuningdek iste’molchilarinng jamoat birlashmalari ko‘magida himoya qilinishi haqida zaruriy bilim va ko‘nikmalarni shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Faoliyatimiz davomida iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosini ta’minlanishida, aholi (iste’molchilar)ning huquq va manfaatlarini himoya qilinishi yo‘lida mamlakatimizning “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni bilan ham yaqindan ishlashimizni taqozo qiladi.

O‘tgan 2024 yil va joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida jamiyatimizga iste’molchilar tomonidan 162 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, shulardan 81 tasi Federatsiya ishonch telefoni va telegram boti orqali, 5 tasi huquqni muhofaza qilish idoralari orqali kelib tushgan bo‘lsa, 76 ta murojaat to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib tushgan murojaatlardan iborat bo‘ldi.
Murojaatlarni o‘rganib chiqilishi natijalari bilan iste’molchilar foydasiga jami 346 088 455 so‘m, shundan joriy yilning o‘zida jami 64 916 000 so‘m mablag‘lar iste’molchilar foydasiga hal etib berildi. Bundan tashqari sudga 3 ta davo arizasi kiritib, iste’molchilarning buzilgan huquqini tiklanishiga va ularga yetkazilgan 170 000 000 so‘mdan ortiq moddiy va ma’naviy zararlarni qoplab berilishiga ham erishildi.

Kelib tushgan murojaatlarni tarkibiga qaralsa, ularning 76 tasi og‘zaki va yozma, 86 tasi elektron shaklda kelib tushganligi, sohalar kesimida ko‘rilganda, eng ko‘pi, ya’ni 36.5 foizi savdo sohasiga to‘g‘ri kelganligi, 30 foizi esa elektr va gaz ta’minoti masalalariga, 11 foizi xizmat ko‘rsatish (va servis) sohasiga, 6.3 foizi suv ta’minoti hamda chiqindilarni olib ketish xizmatlari sohalariga va 16.2 foizi boshqa soxalarga to‘g‘ri kelganligi ma’lum bo‘ladi.

Yuqoridagilarga yana shuni qo‘shimcha qilish mumknnki, jamiyat qoshida tashkil etilgan “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari orqali ham aholi vakillarimizga bepul huquqiy maslahat va yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, o‘tgan davrda ushbu maslahatxona orqali 65 nafar fuqarolarga savdo, elektr, gaz, suv ta’minoti, transport, aloqa (internet), kommunal xo‘jalik va boshqa sohalar yuzasidan huquqiy maslahat va amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.

Shuning bilan birgalikda, shaxar jamiyati tomonidan federatsiya hamda hududiy birlashma topshiriqlari asosida, ichki bozorda sotilayotgan iste’mol tovar (ish, xizmat)lari sifati va xavfsizligini amaldagi qonunchilik talablariga mos kelishi yuzasidan 2024 yilda 17 ta, joriy yilning o‘tgan davrida esa 12 ta jamoatchilik nazorati tartibidagi kuzatuv (o‘rganuv)lar ham o‘tkazilib, o‘rganish yakunlari bo‘yicha yuqori turuvchi idoralarga tegishli ma’lumotnomalar kiritildi.

Farg‘ona shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan hudud aholisining iste’molchilik sohasiga oid bilimlarini va iste’mol madaniyatini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonunchilik ijrosi ustidan jamoatchilik nazorati tadbirlarini olib borish ishlari tizimli asosda davom ettirilmoqda. Xamkor tashkilotlarni esa jamoatchilik nazorati tadbirlarida qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etishga taklif etamiz.

Fursatdan foydalanib, ko‘rsatilayotgan ish, xizmatlar “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablariga mos kelishi va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish maqsadida, shahardagi barcha fuqarolarimizni iste’mol sohasida huquqlari buzilgan taqdirda jamiyatimizga murojaat qilishlari hamda savdo-sotiq, kommunal sohalar, xizmat ko‘rsatish va boshqa daxldor sohalardagi qonunbuzilish holatlarini oldini olish va bartaraf etish masalalari bo‘yicha o‘z takliflarini ham berishlarini mumkinligini eslatib o‘tamiz.

Отправить комментарий