Jamoatchilik nazorati tadbirlari yakunlari || Furqat tumani hududida faoliyat yuritayotgan davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari boʻyicha

Jamoatchilik nazorati tadbirlari yakunlari || Furqat tumani hududida faoliyat yuritayotgan davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari boʻyicha

Federasiyaning Oʻzbekiston Respublikasining jamoatchilik nazorati, ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilgan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida jamoatchilik nazorati tartibida aholi (iste’molchilar)ga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati hamda holatini oʻrganish yuzasidan Fargʻona viloyati hokimligi bilan oʻzaro kelishuv asosida tasdiqlangan kuzatuv-oʻrganishlar oʻtkazish rejasi ijrosini ta’minlash maqsadida 08.07.2025 yilda ishlab chiqilgan 03-01/90-sonli buyrugʻi asosida viloyatning Furqat tumani hududida faoliyat yuritayotgan davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalar (iste’molchilar) uchun ta’lim-tarbiyani “Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning Davlat standarti”ga muvofiq olib borilayotganligi, sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etilganligi (autsorsing, keytiring va boshqa xizmatlar), bu borada sanitariya-gigiena qoidalari va xavfsizlik talablariga amal qilinayotganligi, shuningdek inklyuziv guruhlarga ega maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarning alohida ta’lim olish ehtiyojlari va individual imkoniyatlarini hisobga olgan holda, ularni sogʻlom muhitga uygʻunlashtirish orqali ta’lim va tarbiya olishi uchun teng imkoniyatlarning ta’minlanayotganligi yuzasidan hududiy birlashma Ishchi guruhi tomonidan jamoatchilik nazorati tartibida monitoring (kuzatuv-oʻrganish)lar oʻtkazildi. Oʻrganish ishlari davomida quyidagilar qayd qilindi.

Jumladan,

Oʻrganish ishlari bilan tumandagi 37 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari qamrab olinib. shulardan 3 tasida Oʻzbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonunning 5-moddasi talablari, ya’ni nomi, uning joylashgan (yuridik) manzili va ish tartibini iste’molchilarga ma’lum qilishi shartligi toʻgʻrisidagi talablar bajarilmaganligi qayd qilindi.

Shuningdek, ta’lim muassasalarida «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonunning 6-moddasi talablari, ya’ni iste’molchiga oʻzi realizasiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida oʻz vaqtida zarur, toʻgʻri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi toʻgʻrisidagi normalar bajarilmaslik holatlari kuzatildi. Xususan, 19 ta ta’lim muassasasida ma’lumotlar oynasi tashkil etilib, koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar iste’molchilar tanishishi uchun qulay joylarga oʻrnatilmagan.

Shuning bilan birgalikda, oʻrganilgan barcha ta’lim muassasalarida qoʻshimcha ravishda, pulli asoslarda koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni iste’molchilar tanishishi uchun qulay joylarga oʻrnatilmaganligi, bu borada mas’ullardan soʻralganda ularda «pulli xizmatlar yo‘lga qoʻyilmagan» degan javoblarni olinishi, oʻrganish savolnomasining pulli asoslarda koʻrsatiladigan xizmatlar uchun muassasa ma’muriyati hamda ota-onalar (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) bilan shartnomalar mavjudligi, shartnoma shartlariga amal qilinishi, shartnomalarga ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga kiritilgan iste’molchilarning ayrim guruhlari uchun xizmat koʻrsatishning turlari boʻyicha belgilangan imtiyozlar kiritilganligi, shartnoma shartlarida iste’molchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan va qonunchilikka zid boʻlgan talablarni kiritilishi holatlariga aniqlik kiritishning imkonini bermadi hamda ushbu yoʻnalishlar boʻyicha mazkur ta’lim muassasalarida qoʻshimcha ravishda pulli xizmatlar yoʻlga qoʻyilmagan degan xulosa qilinishiga sabab boʻldi.

Mas’ullardan bogʻcha toʻlovlari, shuningdek agar pullik xizmatlar yoʻlga qoʻyilsa ular uchun toʻlovlarni naqd va naqd pulsiz amalga oshirish imkoniyatlari yaratilganligi (NKM, toʻlov terminali va b.) holatlariga aniqlik kiritilganida, ularda NKM, toʻlov terminali tashkil qilinmaganligi, bu kabi toʻlovlar ota-onalar (shuningdek ularni oʻrnini bosuvchi shaxslar) tomonidan faqatgina bank muassasalariga toʻlov qilinib kvitansiyalari olib kelib berilishi ma’lum qilindi.

Barcha ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilar uchun tibbiy xizmatlar koʻrsatish imkoniyatlari yaratilgan boʻlsada, ulardan 17 tasining tibbiy xizmatlar koʻrsatish moddiy-texnik bazasini shakllantirilganligi holati talablar darajasida emas.

Shuningdek ta’lim muassasalarining 25 tasida favqulodda holatlarda birinchi yordam koʻrsatish uchun zaruriy dori-darmonlarning toʻliq zaxirasi yaratilmagan.

Muassasalarning 20 tasidagi birinchi yordam koʻrsatish shkaflarida ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan yoki yaroqlilik muddati oʻtgan dori-darmon vositalarining mavjudligi qayd qilinib, muomaladan olib tashlandi.

Ta’lim (mashgʻulot, sport) va dam olish xonalarida, shuningdek ta’lim tashkiloti hududida tarbiyalanuvchilar hayoti, sogʻligʻi, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavf tugʻdiruvchi omillarning mavjudligi holatlari oʻrganilganda, ularning 24 tasida 52 ta holatda ushbu omillarning mavjudligi, xususan 10 ta ta’lim muassasasida xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlarning oʻrganishga toʻliq taqdim qila olmaganligi, 4 ta ta’lim muassasasida xodimlarni tibbiy koʻrikdan davriy ravishda oʻtib borish tartibiga amal qilinmasdan muddatlarni oʻtkazib yuborish holatlari qayd qilinganligi, 10 tasida eshik-deraza, pollar va mebellarda ta’mirtalablik holatlari kuzatilganligi, 5 tasida kommunal tarmoqlar (elektr, gaz, suv) va ulardan xavfsiz foydalanishda talablarga toʻliq amal qilinmasligi holatlari, 6 tasida mashgʻulotlarda foydalanilayotgan oʻyinchoqlar (shuningdek boshqa oʻquv jixozlari)ning ta’mirtalabligi holatlari, 8 tasida sport inshootlari va inventarlarining belgilangan talablar darajasida emasligi, 4 tasida chiqindi tashlash va toʻplash joylari holatining belgilangan talablar darajasida emasligi, 5 tasida esa oʻrganish oʻtkazilgan vaqtda chiqindilar toʻplanib qolganlik holatlari kuzatilgani kabi omillar bilan izoxlanadi.

Hojatxonalar oʻrganilgan muassasalarning 4 tasida asosiy bino ichida, 8 tasida asosiy bino ichida va bir vaqtning oʻzida bino tashqarisida ham, 25 tasida esa bino tashqarisida joylashgan boʻlib, 8 ta holatda ularning sanitar-gigienik holati amaldagi talablarga javob bermaydi. Shuningdek, 4 ta holatda hojatxonadan chiqishda bolalarning qoʻl yuvishlari uchun toʻlaqonli sharoitlar yaratilmagan.

Bugungi kunda tuman hududidagi MTTlarda bolalarning sogʻlom ovqatlanishini tashkil etishning autsorsing usulini yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlar olib borilayotgan boʻlib, amalda barcha oʻrganilgan muassasalarda sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish ishlari muasasalarning oʻzlari tomonidan amalga oshirib kelinayotganligi qayd qilindi. Shundan kelib chiqqan holda, tarbiyalanuvchilarga taomlarni iste’mol qilish uchun gigienik talablarga muvofiq sharoitlar yaratilganligi koʻrilganda, 8 ta muassasada ularning belgilangan talablar darajasida emasligi, 4 ta muassasada esa tarbiyalanuvchilarni sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari talablariga muvofiq belgilangan tartibda tasdiqlangan “Yagona mavsumiy taomnoma” asosida sogʻlom ovqatlantirish ishlarini tashkillash talab darajasida emasligi koʻrildi.

Oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarning xavfsizligi hamda sifati kafolatlanganligi holatlari oʻrganilganda, 9 ta muassasada ularning tegishli talablar darajasida emasligi kuzatilgan boʻlsada, aslida aksariyat muassasalardagi mahsulotlarni saqlash omborlarida konservalangan mahsulotlarning ishlab chiqaruvchi tomonidan mahsulot qadogʻida koʻrsatib oʻtilgan shartlarga muvofiq saqlanmayotganligi, xususan mahsulot saqlanayotgan xona havo haroratining mahsulot qadogʻida koʻrsatilganidan yuqoriligi kuzatildi. Bu holat oʻz oʻrnida mahsulotlarni yaroqlilik (saqlash) muddatlariga oʻz ta’sirini oʻtkazmasdan qolmaydi.

Barcha muassalarda tarbiyalanuvchilar orasida ovqatlanish bilan bogʻliq yuqumli va yuqumli boʻlmagan kasalliklarning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik choralari koʻrib borilayotganligi qayd qilindi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilar oʻrtasida toʻgʻri ovqatlanish koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha ishlar olib borilayotganligi kuzatildi, faqatgina 2 ta muassasada bu ishlarni toʻlaqonli darajada deb boʻlmaydi.

Taomlarni tayyorlashda va oziq-ovqat xom ashyosini saqlashda, tashishda sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga qat’iy rioya qilinishi holatlari koʻrilganda, ulardan 9 tasida ushbu talablarga toʻlaqonli rioya qilinmaslik holatlari ham kuzatildi.

Tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib, tegishli ish kuni uchun, “Yagona mavsumiy taomnoma” asosida ovqatlantirishni tashkil etilganligi boʻyicha talablarni oʻrganish davomida ulardan 6 tasida taomlar tegishli ish kunidagi bolalar sonidan kelib chiqmasdan tayyorlanganlik holatlari kuzatildi.

Brakeraj komissiyasi a’zolari tomonidan brakeraj daftari yuritilishining holati bilan tanishilganda 2 ta muassasada ma’lumotlarni daftarga vaqtida kiritilmaganligi holatlari koʻrildi.

(illyustrativ foto)

Отправить комментарий