Axborot tizimlaridan foydalangan holda tovarlar sotib olayotganda hushyor bo‘ling

Axborot tizimlaridan foydalangan holda tovarlar sotib olayotganda hushyor bo‘ling

Bugungi kunda tovar (ish, xizmat)larni namunalar yoki ularning tavsifi bo‘yicha axborot tizimlaridan foydalangan holda realizasiya qilish usuli, ya’ni onlayn dasturlar vositasida sotish keng quloch yoydi. Bugun uydan chiqmasdan xaridlarni va turli to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati mavjud. Biroq bu usul bilan sotib olingan tovarda nuqson aniqlansa yoki shartnomani bekor qilish zarurati yuzaga kelsachi?

Shu sababdan ham «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 28 prim 1-moddasida tovarlarni bu usulda realizasiya qilish chog‘ida shartnomada sotuvchining (ijrochining) nomi, uning manzili va shikoyatlarni qabul qilish tartibi ko‘rsatilishi shart qilib qo‘yilgan. Agar bu shart bajarilmasa iste’molchilar turli idoralarga murojaat qilib, ortiqcha vaqt va asablarini yo‘qotishlariga sabab bo‘ladi.

Uchko‘prik tumani «Begmurod» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Sh.R. ham ishxonasiga tashrif buyurgan sotuvchi agent tomonidan tavsiflari keltirilgan tovarlardan 4 tasini tanlab, uning yordamida qiymati 9 072 000 so‘m bo‘lgan shartnomani onlayn dastur vositasida o‘z nomiga rasmiylashtirishgan. Lekin tovarlar yetib kelganidan so‘ng ulardan bittasi, ya’ni qiymati 2 268 000 so‘m bo‘lgan chang yutgichda nuqson mavjudligi aniqlangach, kimga murojaat qilishni bilmagan iste’molchi Uchko‘prik tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, ushbu tovar bo‘yicha shartnomani bekor qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.

Tuman jamiyati mutaxassisi murojaat asosida Andijon viloyatida faoliyat olib boruvchi sotuvchi — yakka tartibdagi tadbirkor A.O. bilan bog‘lanib, unga rasmiy so‘rov kiritishi yo‘li bilan shartnomani bekor qilinishi va chang yutgichni sotuvchiga qaytarilishiga erishilgan bo‘lsada, iste’molchilardan onlayn dasturlar yordamida turli tovarlarni xarid qilish va shartnomalarni imzolash chog‘ida ularda iste’molchilardan da’volarni qabul qilish bo‘yicha ma’lumotlarni keltirib o‘tilganligiga jiddiy e’tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz.

Sardor Mirzajonov,
jamiyat raisi.

Отправить комментарий