Iste’molchiga yetkazilgan zarar qoplandi
«Agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan bo‘lsa, yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli.» — deyiladi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun 19-moddasi to‘rtinchi qismida. Iste’molchi ushbu huquqlarini ishni (xizmatni) qabul qilib olish vaqtida yoki uning bajarilishi jarayonida nuqsonlar aniqlangan taqdirda ro‘yobga chiqarishi mumkin.
Uchko‘prik tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan Qo‘qon shahar «To‘laboy» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi A.I.ning Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaatini ko‘rib chiqilishi jarayonida yuqoridagi kabi holatlardan biriga duch kelindi. Iste’molchiga ko‘ra, u joriy yilning avgust oyida «Musaffo» gilam yuvish korxonasiga ortoped yostiqchasini yuvish uchun bergan, lekin ish bajarilgach, yuvish jarayonida tibbiy buyumga jiddiy zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.
Murojaatni o‘rganish jarayonida ijrochiga qonun talablarini muddatida ijrosini ta’minlanishi lozimligi, aks holda har bir kechiktirilgan kun uchun iste’molchiga ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘lashiga to‘g‘ri kelishi tushuntirilgach, iste’molchiga yetkazilgan moddiy zarar, ya’ni ortoped yostiqchasi qiymati to‘lab berildi,
Sardor Mirzajonov,
jamiyat raisi.
Отправить комментарий