Rag‘batlantiruvchi yoki chegirma aksiyalarini o‘tkazish tartiblari belgilab berildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 21-oktyabrdagi 662-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Uning asosida «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari» asosiy tushuncha va atamalari: rag‘batlantiruvchi aksiya, narxnoma, chegirma narx, chegirma narxgacha bo‘lgan narx kabi tushuncha va atamalar hamda «Chakana savdo qilishda tovarlarga rag‘batlantiruvchi aksiya va chegirmalar qo‘llash xususiyatlari» nomli XVII prim 4-bob bilan to‘ldirildi.
Endilikda sotuvchi narxlarni sun’iy ravishda oshirib, keyinchalik arzonlashtirilgan narxlarni chegirma sifatida ko‘rsatish orqali iste’molchilarni chalg‘itishi taqiqlanadi.
O‘zgartirishlar va qo‘shimchalarga ko‘ra, sotuvchilar iste’molchilarning qiziqishlarini va savdo hajmlarini oshirish maqsadida turli rag‘batlantiruvchi aksiya va chegirmalarni qo‘llashlari mumkin, faqat bu kabi rag‘batlantiruvchi aksiyalar alkogol va tamaki mahsulotlarini realizasiyasi bilan bog‘liq bo‘lmasligi kerak.
Chegirmada u e’lon qilingan vaqtgacha amalda bo‘lgan narx, ya’ni chegirma narxgacha bo‘lgan narx ko‘rsatiladi. Bu narx sifatida esa, o‘z navbatida, chegirma e’lon qilingan vaqtgacha bo‘lgan oxirgi 30 kun ichidagi eng arzon narx asos sifatida olinishi lozim (qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno).
Sotuvchi chegirma e’lon qilingan tovarning narxlari hisobini yuritishi va iste’molchining talabiga ko‘ra mazkur tovarning oxirgi 30 kunda amalda bo‘lgan narxlari bo‘yicha ma’lumotlar bilan uni tanishtirishga majbur (qishloq xo‘jaligi mahsulotalari bundan mustasno).
O‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazish va chegirmalarni qo‘llashning tartib qoidalari belgilab berilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, aksiyaga xizmat muddati yoki yaroqlilik muddati yaqinlashgan, but bo‘lmagan, mavsumiy xarakterdagi tovarlarni, eski zaxiralarni tugatish, qadoqlashning shikastlanishi va yoki boshqa shu kabi sabablarga bog‘liq bo‘lgan tovarlarni qo‘yilganda, sotuvchi chegirma to‘g‘risidagi ma’lumotda iste’molchilarni bu haqda ogohlantirishi shart.
Shu o‘rinda, Qoidalarning 189-bandi, ya’ni savdo qoidalarini buzilishi turlari bandiga «rag‘batlantiruvchi aksiya va chegirmalar qo‘llash bo‘yicha talablarni buzish» savdo qoidalarini buzilishi deb e’tirof etilishi bo‘yicha norma kiritilganligini ham alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozim.
Отправить комментарий