Elektr tarmoqlariga yangi ulanadigan yakka tartibdagi uy-joylarga hisoblagichlar kimning hisobidan o‘rnatilishi kerak?
«Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari»da maishiy iste’molchilarda o‘rnatilgan hisoblagichlarni sotib olish (elektr tarmoqlariga yangi ulanadigan yakka tartibdagi uy-joylar va ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlar), o‘rnatish, ro‘yxatga olish, davriy qiyoslovdan o‘tkazish va plombalash, shuningdek, mavjud (jumladan, EHNATga mos kelmaydigan) hisoblagichlarni almashtirish HETK (hududiy elektr tarmoqlari korxonasi) mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi, bunda hisoblagich xonadon egasining buyurtmanomasiga binoan bir hafta muddatda uning ishtirokida HETK xodimi tomonidan o‘rnatilishi belgilab qo‘yilgan.
Uchko‘prik tumanida yuqorida aytib o‘tilgan holatlarga taalluqli bo‘lgan vaziyat kuzatilgan. Shu tumanda yashovchi Q.S. guruh nogironi bo‘lgan farzandi uchun qurib bitkazilgan yangi xonadonga elektr hisoblagich o‘rnatish va qonuniy tartibda tarmoqqa ulash ishlari paysalga solib kelinayotganligi holati yuzasidan tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilgan.
Tuman jamiyati mutaxassisi tomonidan murojaatda keltirilgan vajlarga aniqlik kiritib olingach, ushbu masalada tuman elektr ta’minoti korxonasiga so‘rov xati kiritildi. Uning asosida esa murojaat egasining o‘g‘li T.E.ning xonadoniga elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga mos bo‘lgan hisoblagich o‘rnatilib, ushbu abonentga biriktirildi hamda xonadon qonuniy asoslarda elektr tarmog‘iga ulab berildi.
Sardorbek Mirzajonov,
jamiyat raisi.



Отправить комментарий