Federatsiya ishonch telefoniga qoldirilgan murojaatlar tez muddatlarda o‘rganib chiqilmoqda
Agar elektr energiyasi iste’molchisida qarzdorlik sabab tarmoqdan uzilish kuzatilsa, odatda ushbu holat iste’molchi qarzdorlikni bartaraf qilganidan so‘ng o‘tadigan muayyan qisqa vaqt ichida bartaraf qilinadi. Biroq O‘zbekiston tumanilik M.A. bilan sodir bo‘lgan holatda bu vaqt cho‘zilib ketgan. Ta’minot tiklanavermagach iste’molchi dastlab elektr ta’minoti korxonasiga, so‘ngra esa O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 1091 ishonch telefoni raqamiga qo‘ng‘iroq qilib murojaat qoldirgan.
Murojaat Federatsiyaning tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilganda, qarzdorlik bartaraf qilinishi va iste’molchi hisob raqami faol holatga o‘tishi bilan ta’minot tezkorlikda tiklanmaganligining sababi elektr ta’minoti tizimlari va tizimdagi hisoblagich bilan bog‘liq bo‘lmagani, aksincha iste’molchi yashaydigan hududda muayyan vaqt davomida internet tarmog‘ining yaxshi ishlamaganligi tarmoqqa qaytadan ulanish ishlarini cho‘zib yuborganligi ma’lum bo‘ldi.
Federatsiyaning qisqa raqamli ishonch telefoniga Qo‘qon shahrida yashovchi iste’molchi B.T. tomonidan qoldirilgan yana bir murojaatda esa u 2023 yilning noyabr oylarida xarid qilgan LG rusumli kir yuvish mashinasida joriy yilning yanvar oyida jiddiy nuqson kuzatilgach, uni tekshirishdan o‘tkazgan servis markazi mutaxassislari tomonidan maishiy texnikada haqiqatda jiddiy nuqson mavjudligi va ushbu nuqson ishlab chiqaruvchi (zavod) bragi hisoblanishi hamda maishiy buyum kafolat muddati ichida almashtirilishi yuzasidan xulosa (akt) berilgan bo‘lsada sotuvchi tomonidan uni almashtirish ishlari paysalga solinayotganligidan noroziligini bildirgan.
Federatsiyaning Qo‘qon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda shaharning Yangi bozor hududida faoliyat olib borayotgan sottvchi bilan uchrashilganda, u iste’molchi tomonidan keltirilgan vajlarni tan olib, uning tomonidan taqdim qilingan hujjatlarni dillerga yuborganligini ma’lum qilib, nuqsonli tovarni almashtirib berish bilan bog‘liq ishlar tez muddatlarda nihoyasiga yetkazilishi yuzasidan kafolat xati taqdim qildi.
Dilshodjon Rassayev,
Alisher Raximov,
O‘zbekiston tuman va Qo‘qon shahar jamiyatlari mutaxassislari.



Отправить комментарий